Joriy yilning sentabr oyida O‘zbekistonda birinchi marta Samarqanddagi “Bog‘i baland” mahallasiga “Turizm mahallasi” maqomi berilgandi.
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan “Sangardak” mahallasiga ham “Turizm mahallasi” maqomi berildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyevning qayd etishicha, sayyohlar sonini oshirish hamda ularga qulaylik yaratish maqsadida “Sangardak” mahallasiga olib boruvchi 15 km ichki yo‘l ta’mirlangan
“30ta tungi yoritish chiroqlari, 2ta piyodalar ko‘prigi, 5ta selfi hudud, 2ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, 4ta attraksion va ko‘ngil ochar maskanlar, „Sangardak“ mahallasining ramziy kirish stellosi hamda 1ta turistik axborot markazi qurilib, foydalanishga shay holatga keltirildi,” — deydi Umid Shadiyev.
Mahallada 23ta oilaviy mehmon uyi, 2ta sanatoriy va 17 turdagi turizm xizmatlari tashkil etilib, 250ga yaqin aholi, jumladan xotin-qizlar doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi.
Bu yerga Xitoy, Pokiston, Hindiston, Belarussiya, Rossiya va boshqa davlatlardan xorijiy sayyohlar tashrif buyurishadi. Qo‘shni Tojikistondan kelgan turistlar soni ikki karraga oshgan. Joriy yilda 360 mingta mahalliy, 87,5 mingta xorijiy sayyoh kelgan.
“Sangardak” mahallasida mavjud 6ta madaniy meros obyektlari va diqqatga sazovor joylar, 2ta ziyoratgoh, 20ta tog‘, suv, buloq kabi hududlarlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 18ta obyekt turizm marshrutiga kiritildi.
Shuningdek, mahalladagi xonadonlar salohiyatidan foydalanib 15 turdagi turizm xizmatlari tashkil etildi. Bular qatorida quroqchilik, gilam to‘qish, echki sutidan tayyorlangan qurt va sut mahsulotlari savdosi va ularning tayyorlanish jarayoni, baliq mahsulotlari tayyorlash bo‘yicha master klass, kashtachilik hamda suvenir mahsulotlari savdosi kabilar bor.
Mahallada sayyohlar taahirf buyuruvchi joylar sonini oshirish, yangi xizmat turlarini tashkil etish hamda ekstremal turizmni rivojlantirish (tog‘larda dor yo‘llari) rejalashtirilgan.
Avvalroq Qashqadaryoning ikkita hududida turizm infratuzilmasi yaratilishi haqida xabar berilgandi. Shahrisabzdagi 3ta turizm mahallasining master-rejasi asosida yil yakunigacha Qamashi tumani va Qarshi shahrida loyihalarni ishga tushirish topshirildi.
Yil oxirigacha mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatichni 2030-yilga borib 15 mlnga, ichki turizm oqimini esa 25 mlnga yetkazish belgilangan.