Noyabr oyi boshida “O‘zbekneftgaz” ijtimoiy tarmoqlardagi firibgarlikdan ogohlantirgandi. Kompaniya nomidan yolg‘on xabarlar orqali telefon raqam yoki plastik kartalardan pul yechib olishga urinish holatlari kuzatilgan.
Kompaniya ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekneftgaz"ga sarmoya kiritish orqali, mo‘may daromad topish imkoni paydo bo‘lgani haqida navbatdagi yolg‘on xabarlar tarqalayotganini ma’lum qildi.
Bu mazmundagi ma’lumotlarga kompaniya aloqasi yo‘qligi, yolg‘on chaqiriq qilgan firibgarlar fuqarolar telefon raqami yoki plastik kartalaridan pul yechib olishga urinishlari mumkinligi ta’kidlangan.
“O‘zbekneftgaz” faoliyatiga oid rasmiy xabarlar bilan faqat www.ung.uz sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali tanishish mumkin.
14-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston banklariga hujum qilishgani va “Humo” kartalaridan yirik miqdorda pul o‘g‘irlangani haqida xabarlar tarqalgandi. MBPM mazkur ma’lumotlarni rad etdi.