O‘zbekiston va Qirg‘iziston turizm tashkilotlari turli yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Economist.kg”.

Bu bo‘yicha, Turizm qo‘mitasi rahbari Jamshid Abdusalomov Qirg‘iziston Turizmni rivojlantirish jamg‘armasi prezidenti Abilqosim Sherniyozov bilan uchrashdi.

Unda transport sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. Asosiy tashabbuslardan biri birgalikda Tokio-Toshkent-Bishkek aviareyslarini yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Biroq, bu yo‘nalishdagi rejalar tafsilotlari keltirilmagan.

Bundan tashqari, avval xabar qilinganidek, tomonlar O‘shdan ikki davlat chegarasigacha qo‘shimcha avtobus yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini muhokama qilgan. O‘zbekiston Qirg‘izistonga avtobuslarni ijaraga berishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati, Nooken tumanidagi “Madaniyat” chegara punktini obodonlashtirish masalasi ham ko‘tarildi. Tomonlar sayyohlarni ro‘yxatga olish muddatini paritet asosda uzaytirish masalasini muhokama qildi.

Bungacha Qirg‘iziston turizm sohasi vakillaridan iborat delegatsiya Farg‘ona vodiysi hududlarida bo‘ldi. Farg‘ona va O‘sh viloyatlari o‘rtasida sayyohlarni jalb etish va xizmat ko‘rsatish borasida tajriba almashish bo‘yicha memorandum imzolandi.

Shu bilan birga, Namangan viloyatidagi korxonalar bilan bir qancha shartnomalar imzolandi. Uning doirasida 2024-yilda qo‘shimcha 200 ming qirg‘izistonlik sayyohni jalb etish kutilmoqda.


Avvalroq xorijliklarni O‘zbekistonga taklif qilish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatilishi ma’lum qilingandi. Bunda, pasport stolga bevosita murojaat qilish yoki Yagona portal orqali xizmatdan foydalanish mumkin bo‘ladi.