Xitoyning “Xiaomi” kompaniyasi “Beijing Automotive Grou"p bilan birgalikda o‘z brendi ostida avtomobil ishlab chiqaradi, deya xabar bermoqda “Bloomberg” Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi hujjatlariga tayanib.

Qonunga ko‘ra, Xitoyning barcha avtomobil ishlab chiqaruvchilari vazirlikka yangi modellar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari shart. Keyin ular jamoatchilik muhokamasi uchun maxsus katalogda nashr etiladi.

“Xiaomi"ning SU7 modeli haqida 2023-yil 16-noyabrdan 22-noyabrgacha sharh qoldirish mumkin.

Kompaniya ishlab chiqaradigan elektromobilning taxminiy narxi 300 ming yuandan (Markaziy bankning joriy kursi bo‘yicha 508,3 mln so‘m)boshlanadi.

“National Business Daily” ixtisoslashgan nashri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 2023-yilning dekabrida ishlab chiqarishni, 2024-yilning birinchi yarmida sotuvni boshlashni rejalashtirmoqda.

Elektromobilning maksimal tezligi 265 km/soat, vazni 2,66 tonna. Bir yoki ikkita dvigatelli konfiguratsiyalar mavjud. Birinchi modelda Contemporary Amperex Technology, ikinchiisda esa BYD akkumulyatori o‘rnatiladi.


Avvlaroq “Spot” O‘zbekistonga xorijdan qiymati $580 mlndan ortiq elektromobillar olib kelingani haqida yozgandi.

Xitoy O‘zbekistonga elektromobillarning asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lib qolmoqda. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yil boshidan buyon o‘n oy ichida Xitoydan 20,6 ming dona avtomobil olib kirilgan.