“Amazon” kompaniyasi amerikalik mijozlar uchun “Astro for Business” robotini taqdim etdi, deya xabar bermoqda “The Verge” nashri.

U mustaqil ravishda yoki masofadan boshqarish pulti yordamida harakatlanishi mumkin, shuningdek, displey va tungi ko‘rinishga ega HD kamera bilan jihozlangan.

Qurilmaning narxi $2349,99ni tashkil etadi. Shu bilan birga, kompaniya qo‘shimcha funksiyalarga ega bo‘lgan uch turdagi obunani taklif qiladi.

Oyiga $60 evaziga “Astro Secure” obunasi robotga avtonom yoki foydalanuvchi tanlagan marshrutlar bo‘ylab harakatlanishi va xonada faollashtirilgan harakat sensorlaridan ma’lumot olish imkonini beradi.

Oyiga $20 evaziga “Ring Protect Pro” xizmati qurilmadagi yozuvlarni 180 kun davomida saqlash imkonini beradi.

Oyiga $99 Virtual Security Guard darajasi robotga bosqinchilar, tovushlar yoki boshqa shubhali harakatlarni aniqlaganda bildirishnoma yuborish imkonini beradi.Undan foydalanish uchun Ring Protect Pro va Astro Secure obunalari ham bo‘lishi kerak.


“Spot” yanvar oyida “Amazon” kompaniyasi dunyoning eng qimmat brendlari reytingida o‘tgan yilgi yetakchi “Apple"ni ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallagani haqida yozgandi.