Avvalroq aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, kichik va o‘rta tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish belgilanmoqda.
Buning uchun “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” MChJlar va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi"ning vakillari belgilangan tartibda Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarmalari binolariga joylashtiriladi.
Aholi va tadbirkorlar o‘rtasida davlat dasturlarida kichik va o‘rta biznes uchun belgilangan moliyaviy imkoniyatlar to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.
“Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” MChJlarda namunaviy qo‘llanmalar asosida aholi va tadbirkorlar uchun o‘quv seminarlari tashkil etiladi.
Salohiyatli tadbirkorlarni aniqlab, “Kichik biznesga ko‘maklashish markazi"ga va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi"ning vakillariga ularning loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar beriladi.
2024-yilning 1-iyulidan davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar onlayn platformalar orqali beriladi. Bunda, kredit ajratishning barcha bosqichlari (arizani ko‘rib chiqish, qaror qabul qilish, kafillik berish va kredit ajratish) raqamlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
Kredit ta’minotlarini nazorat qilish, garovga olingan mulklarni taqiqdan to‘liq yoki qisman chiqarish hamda almashtirish jarayonlari elektron platformalar orqali markazlashgan holda tashkil etiladi.
Shuningdek, IT yordamida mijozlar biznes-rejalar asosida faoliyat yuritishi, pul oqimlari va boshqa ko‘rsatkichlarini tahlil qilish orqali xatarlarni oldindan aniqlash mexanizmi yaratiladi.
Davlat dasturlari doirasida tuman (shahar) va mahallalarga ajratiladigan kreditlar hajmi yuzaga kelgan muammoli kreditlar ulushidan kelib chiqib belgilanadi.
2024-yildan 2026-yilgacha davlat xaridlari maxsus portalida davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni (mahsulotlarni) davlat buyurtmachilariga bir moliya yili davomida jami 10 mlrd so‘mgacha qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.
Avvalroq 2024-yildan mikroqarzlarning eng yuqori miqdori 100 mln so‘mgacha oshirilishi ma’lum qilingandi.