Yevropa Ittifoqining sanksiyalarning 12-paketi doirasida O‘zbekiston kompaniyalariga cheklovlar kiritilishi mumkin. Bu haqda “Forbes Russia” “Bloomberg"ga asoslanib xabar bermoqda.
YeI tomonidan e’lon qilinadigan yangi sanksiyalar paketi doirasidagi yangi cheklovlar Rossiyaga dastgohlar, kimyoviy moddalar, litiy batareyalar, termostatlar, dvigatellar va dronlar uchun ehtiyot qismlarni eksport qilishni taqiqlaydi.
Shuningdek, suyultirilgan propan, cho‘yan va shpigel (oyna cho‘yan), mis va alyuminiy simlar, folga va quvurlar importi ham cheklanadi.
Yevropa Ittifoqi 30 dan ortiq kompaniya, xususan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Singapur, shuningdek, Rossiyaning bir qancha injiniring kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qilmoqchi.
Bundan tashqari, YeI Rossiya neftining barreliga $60dan yuqori narxga rioya qilish choralarini kuchaytiradi. Barcha takliflar yoqilg‘i eksporti uchun ishlatiladigan Rossiyaning “soya floti” bilan kurashishga qaratilgan.
Shuningdek, eksport qiluvchilar uchun shartnomalarga Rossiyadan ayrim tovarlarni reeksport qilishni taqiqlovchi bandlarni kiritish majburiyati ham joriy etilmoqda.
Jami 100 ta jismoniy va 40 ta yuridik shaxs sanktsiyalar ro‘yxatiga kiritiladi. Yangi cheklovlar Rossiya tashqi savdosiga 5 mlrd yevroga yaqin zarar keltiradi.
Oktabr oyi oxirida Yevropa Ittifoqi 73 turdagi mahsulotlarni uchinchi davlatlarga eksport qilish ustidan nazoratni kuchaytirdi. Bularga yuk mashinalari, ularning butlovchi qismlari, shuningdek, qurilish va sanoat uskunalari kiradi.
2023-yil 27-oktabr kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Leyen YeI Rossiyaga qarshi 12-sanksiya paketini, jumladan G7 bilan birgalikda tayyorlanayotgan rus olmoslarini eksport qilishni taqiqlashni muhokama qilayotganini aytdi.
Olmosga oid G7 bayonoti 2023-yil oktabr oyi oxirigacha chiqarilishi kerak edi, deya xabar berdi “Reuters”. Buning ortidan Yevropa Ittifoqi sanksiyalari e’lon qilinadi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozef Borrelning ta’kidlashicha, sanksiyalar olmoslarni Yevropa Ittifoqiga olib kirishni taqiqlash va boshqa eksport cheklovlarini o‘z ichiga oladi.
“Biz ushbu paketning so‘nggi tafsilotlarini yakunlaymiz”, dedi Borrell. Chorshanba kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishda u Yevrokomissiya tomonidan kelishilishi, shundan so‘ng u Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Avvalroq “Spot” Yevropa ittifoqi O‘zbekistonning ikkita firmasini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgani haqida yozgandi.
Hammasi bo‘lib, olti mamlakatdan 87 kompaniya sanksiyalar cheklovi ostida qoldi.