Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatining Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan tanishdi.
“Surhan Gas Shemisal Orerating Somrany” xorijiy korxonasi tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyihaning qiymati $2,9 mlrdni tashkil etadi. Majmua yiliga 5 mlrd metr kub gazni qazib chiqarish va qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lishi ta’kidlangan.
Hozirgacha konni o‘zlashtirishga $1,45 mlrdlik investitsiya kiritilib, 20ta quduqda burg‘ilash ishlari yakunlangan, 11ta gaz qudug‘i sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan. Poydevor ishlari va metall konstruksiyalar qurish qariyb yakunlanib qolgan.
Zavod loyihalari va qurilishi “Shell” kompaniyasining litsenziyalangan texnologiyalari asosida olib borilmoqda. U ishlab chiqarishdagi zararli chiqindilarni 99% zararsizlantirish imkoniyatiga ega. Zavod elektr energiyani o‘zi generatsiya qilib, shu bilan birga, tuman aholisiga yetkazib beradi.
“Asosiy maqsad gazni xomashyo holatida sotish emas, uni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar olish bo‘lishi lozim. Investitsiya tez vaqtlarda o‘zini oqlab, zavod raqobatbardosh bo‘lishi uchun oxirgi mahsulot sifatli va yuqori daromadli bo‘lishiga erishish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu bo‘yicha qaror ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Majmua Boysun shahridan 20 kilometr uzoqda joylashgan. Uning qurilishida 7 mingdan ortiq kishi, maxsus texnikalar ishlamoqda.
Loyihaning birinchi bosqichi kelgusi yil may oyida ishga tushiriladi, 2025-yilda to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi. Loyiha doirasida 1050ta kishi yuqori daromadli ish bilan ta’minlanadi.
“Boysunliklar o‘z tumanida shunday ulkan zavod qurilgani, minglab yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lganini sezishi kerak. Endi bu majmua atrofida turdosh sohalarni rivojlantirish lozim”, — dedi prezident.
Shu yerda Boysun tumanidagi yana bir kon — yonuvchan slanes konini o‘zlashtirish loyihasi taqdimot qilindi. Undan elektr energiyasi, slanesli neft va gaz olish imkoniyatlari haqida axborot berildi.
Avvalroq Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi Qashqadaryoda gaz porshenli elektr stansiyasini qurishga $250 mln yo‘naltirishi ma’lum qilingandi.