Quvaytning “Jazeera Airways” aviakompaniyasi Al-Quvayt va Farg‘onani to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar bilan bog‘laydi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hokim Xayrullo Bozorov aviakompaniyaning O‘zbekiston va Tojikiston bo‘yicha direktori Ildar Abubekirov bilan uchrashib, yo‘lga qo‘yilayotgan aviaqatnov bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.
Xususan, Quvayt-Farg‘ona-Quvayt yo‘nalishidagi aviaqatnovlar joriy yilning dekabridan boshlanib, 168 o‘ringa mo‘ljallangan Airbus A320neo samolyotlarida olib boriladi.
Abubekirovning ma’lum qilishicha, dastlabki bosqichda parvozlar haftasiga uch marotaba amalga oshiriladi. Kelasi yilda esa aviaqatnovlar soni oshirilib, kunlik reyslar tashkil etiladi.
Shuningdek, Farg‘onadan Misr, Turkiya va Yevropaning bir qator mamlakatlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Farg‘ona xalqaro aeroportini DXSh asosida modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasi natijasida aeroportni Yevropa va Osiyo o‘rtasida xalqaro “tranzit tuguniga” aylantirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Viloyat hokimi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi ziyorat turizmi bilan birga boshqa sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab, aviakompaniyaning Farg‘onadagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Aviakompaniya O‘zbekistonning uchta shahridan Quvaytga parvozlarni amalga oshirmoqda. Yo‘lovchilarning asosiy qismini Farg‘onada yashovchi fuqarolar tashkil etadi.
“Jazeera Airways” Quvaytning ikkinchi milliy aviakompaniyasi bo‘lib, 2004-yilning aprelida tashkil etilgan. Aviakompaniya O‘zbekistonga parvozlarni 2021-yilda boshlagan. Al-Quvaytdan Toshkentga muntazam yo‘lovchi qatnovlari haftasiga uch marta — dushanba, seshanba va shanba kunlari amalga oshiriladi.
2022-yilning kuzida Namanganga haftasiga uch martadan parvozlarni amalga oshira boshladi. Joriy yilning bahoridan Quvayt-Samarqand-Quvayt yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yildi.
Avvalroq loukoster aviakompaniyaning Quvayt-Samarqand yo‘nalishida qo‘shimcha aviaqatnovni joriy etishi hamda haftasiga 3 marta parvozlarni amalga oshirishi ma’lum qilingandi.