Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan tegishli qonun imzolandi.
Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirish bilan sanitariya qonunchilikni, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiyena normativlarini buzganlik uchun jarima miqdorlari oshirilmoqda.
Yuqoridagi kabi holatlar quyidagi miqdorlarda jarima solishga sabab bo‘ladi:
- fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha — 1,65 mln so‘mdan 3,3 mln so‘mgacha (ilgari 330 ming so‘mdan 990 ming so‘mgacha edi);
- mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha — 4,95 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha (ilgari 1,65 mln so‘mdan 3,3 mln so‘mgacha edi).
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida"gi qonunga ham qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanish taqiqlanganligi litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish to‘g‘risidagi arizani rad etish uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda ham bekor qilinishi belgilandi:
- litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda;
- litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qo‘pol ravishda buzilganda.
Ikkinchi holatda agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan bo‘lsa, tatbiq etiladi.
Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlar muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Bundan tashqari, qonunga bilan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ayrim faoliyat turlari bo‘yicha litsenziyalash va xabardor qilish tartib-taomillari sohasidagi vakolatli organ etib belgilandi.
Mazkur faoliyat turlariga quyidagilar kiradi:
- alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi;
- pivo va pivo ichimliklarini ishlab chiqarish va ulgurji savdo qilish faoliyati.
Tamaki mahsulotlari bilan ulgurji savdo qilish Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligini xabardor qilish tartibida, chakana savdo qilish esa joylardagi soliq inspeksiyalarini xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan 3 oy o‘tib kuchga kiradi.
Joriy yilning 1-mayidan ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimani ixtiyoriy to‘lash tizimi soddalashtirildi. Xususan, 15 kun ichida jarima miqdorining 50%ini, 30 kun ichida 70%ini ixtiyoriy ravishda to‘laganlar qolgan qismini to‘lashdan ozod etiladi.