“Samsung” smartfonlarida matnli xabarlar va hatto qo‘ng‘iroqlarni real vaqtda tarjima qiladigan “AI Live Translate Call” funksiyasi paydo bo‘ladi. Bu haqda “Samsung Mobile Press” xabar berdi.

Taqdim qilinishi kutilayotgan mazkur funksiya 2024-yil boshida joriy etilishi rejalashtirilgan.

Bu smartfonga o‘rnatilgan funksiya bo‘ladi, shuning uchun foydalanuvchilar qo‘shimcha dasturlarni o‘rnatishi shart emas. U “Galaxy AI” sun’iy intellektiga asoslangan holda ishlaydi.

Smartfonda foydalanuvchi gapirgan vaqtida tarjimalar paydo bo‘ladi, funksiyani esa sun’iy intellekt boshqaradi

Sun’iy intellekt tarjimoni kelasi yilning yanvar yoki fevral oylarida chiqarilishi kutilayotgan Galaxy S24 telefonlari bilan birga taqdim etilishi mumkin.

Bundan tashqari, “AI Live Translate Call” ishga tushirilganda cheklangan miqdordagi tillar bilan ishlay oladi va barcha hududlarda ham taqdim qilinmaslik ehtimoli bor.


Avvalroq “Spot” “Samsung” “Galaxy S24"ni odatdagidan ertaroq taqdim etishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, kompaniyaning yangi smartfonlari taqdimoti 2024-yil 18-yanvar kuni bo‘lib o‘tishi mumkin.

Shuningdek, “Samsung” sun’iy intellektga asoslangan retsept ilovasini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi.

Ilova 8 xil tilni qo‘llab-quvvatlaydi va unda 104 ta davlat oshxonasidan 160 mingta retsept mavjud.