O‘zbekiston, Afg‘oniston hamda Pokiston Transafg‘on temir yo‘li loyihasini qariyb $7 mlrdga baholamoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi delegatsiyaning Pokistonga tashrifi doirasida Transport vaziri Ilhom Mahkamov mamlakatning Kommunikatsiya, temir yo‘llari, dengiz ishlari vazirligi, Savdo vazirligi, “NLS-Logistiss” va “TSS” transport logistika kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l qurilishi loyihasini jadallashtirish maqsadida keyingi hamkorlik qadamlarini belgilab oldi.
Mazkur temir yo‘l qurilishi loyihasi “Build — Operate — Transfer” (qurilish-ekspluatatsiya-yo‘naltirish) formatida DXSh asosida amalga oshirilishi mumkin. Loyiha $6,9 mlrdga baholanmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston tomonlari o‘rtasida Transafg‘on yo‘lagi orqali multimodal transport tashuvlarini rivojlantirish, undiriladigan yig‘im va to‘lovlar miqdorini qisqartirish hamda yuk tashuvlarini yengillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish tashabbusi 2018-yilda ilgari surilgandi. 2021-yilning boshida “Mozori-Sharif-Kobul-Peshavor” temir yo‘lining qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Afg‘oniston va O‘zbekistonni bog‘lovchi temiryo‘l loyihasi $4,8 mlrd, deya baholandi.
2022-yilning boshida mazkur temir yo‘l yo‘nalishi tasdiqlandi. Joriy yilning may oyida Toshkentda O‘zbekiston-Afg‘oniston-Pokiston temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi.
Iyulda tomonlar loyihaning moliyalashtirish mexanizmlari, qurilish masalalari, texnik tafsilotlar va amalga oshirish muddatlarini ko‘rib chiqishdi. Temir yo‘lni ishga tushirish 2027-yilda amalga oshirilishi ma’lum qilingan.
Avvalroq O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruh tuzilishi haqida xabar berilgandi.