Iqtisodiyot va moliya vazirligi moyli urug‘larni qayta ishlovchi korxonalarning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Hujjat bilan, xo‘jalik yurituvchilarga o‘zlari import qilgan kungaboqar urug‘i va texnik chigitni qayta ishlash orqali ishlab chiqarilgan o‘simlik yog‘ini yoki o‘zlari import qilgan o‘simlik yog‘ini O‘zbekiston bojxona hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish)ga ruxsat beriladi. Buni ularning tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar amalga oshirish mumkin.

Bunda xo‘jalik yurituvchilar tomonidan eksport qilinadigan o‘simlik yog‘i miqdori ular tomonidan import qilingan kungaboqar urug‘i va texnik chigit miqdorining 15%idan yoki import qilingan o‘simlik yog‘i miqdorining 50%idan ortiq bo‘lishi mumkin emas.

Kungaboqar va paxta yog‘i (TIF TN kodi 1512) hamda aralash yog‘lar (TIF TN kodi 1517909100)dan tashqari boshqa o‘simlik va meva urug‘lari yog‘larini mamlakat hududidan tashqariga olib chiqish (eksport qilish) bo‘yicha cheklovlar bekor qilinadi.

Shuningdek, eksport qilish mumkin bo‘lgan o‘simlik yog‘i hajmini aniqlashda xo‘jalik yurituvchi tomonidan joriy yilning 1-sentabridan import qilingan moyli urug‘ yoki o‘simlik yog‘i hajmlari inobatga olinadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan zarur hollarda oziq-ovqat xavfsizligi, mamlakat aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanganlik darajasi hamda ichki bozorda narx barqarorligidan kelib chiqib, o‘simlik yog‘i eksporti mexanizmlarini takomillashtirish yuzasidan hukumatga takliflar kiritadi.

Qaror loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 1-dekabrigacha qabul qilinadi.


Avvalroq agrar sohadagi OTM qoshidagi akademik litseylarning bitiruvchilari mazkur OTMlarga test sinovlarisiz qabul qilinishi bo‘yicha qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.