Toshkentda maktab o‘quvchisi is gazidan ogohlantiruvchi qurilma yaratdi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shayxontohur tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabining “Robototexnika” to‘garagi a’zosi Ozodbek Hoshimov tomonidan ixtiro qilingan qurilma odamlarni is gazidan saqlab qoladi.

Qurilma agar gaz, olov va tutun yuzaga kelganda uy egalariga xavf haqida ogohlantirish berib, SMS-xabarnoma jo‘natadi.

Bundan tashqari, o‘t o‘chiruvchilarga xavf yuzaga kelgan joydan geolokatsiya jo‘natilib, gaz xavfi yuzaga kelsa yoki nosoz joylar aniqlansa ta’mirlash korxonalariga ham xabar beriladi.

is gazidan ogohlantirish, qurilmalar, texnologiyalar, toshkent shahri

“Qish mavsumi edi. Odamlar is gazidan vafot etdi degan mash’um xabarlarni OAV orqali o‘qib, eshitganimda, buning oldini olish kerak degan o‘y keldi va mana shu ixtironi yaratishimga turtki berdi”, — deydi Ozodbek.

Uning qayd etishicha, agar mazkur qurilma tegishli xizmatlar bilan integratsiya qilinsa, baxtsiz hodisalarning oldi olinishiga yordam beradi.

Zangiota tumanidagi 6-maktabning 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan Ozodbek uch yildan buyon robototexnika to‘garagiga qatnashadi hamda to‘garak rahbari Kamoliddin Abduqahhorov boshchiligida mazkur qurilmani yaratgan.

Qurilma qanday ishlashi bo‘yicha videoni havola orqali ko‘rish mumkin. Hozir Ozodbek Hoshimovning ixtirosini patentlash jarayoni kechmoqda.


Avvalroq Xitoy kompaniyalari Farg‘onada “aqlli shahar” texnologiyalarini joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.