Avvalroq Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi issiq suv ta’minoti va issiqlik energiyasi uchun tariflarni yangilashga qaratilgan tegishli qarorni qabul qilgandi.
Bu bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi tegishli qaror loyihasini e’lon qildi. Hujjat bilan, “Veolia Energy Tashkent” tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlarining tartibga solinadigan bazaviy tarifi gigakaloriyasi uchun 664 465 so‘m etib belgilanmoqda.
Kiritilayotgan yangi tariflar joriy yilning 1-dekabridan kuchga kiradi. Shu bilan birga, qaror loyihasining muhokamasi 28-noyabrgacha davom etadi.
Qarorga muvofiq, aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlarining chakana savdo tarifi avvalgi darajada o‘zgarishsiz qoladi — bir Gkal uchun 91 960 so‘m.
Shuningdek, budjet tashkilotlari uchun 1 Gkalning yangi narxi 801 963 so‘mni, kichik, o‘rta va yirik korxonalar uchun esa 212 606 so‘mni tashkil etadi.
Isitish tariflarining oldingi o‘zgarishi 2022-yilning oktabrida amalga oshirilib, faqat budjet tashkilotlariga ta’sir qilgandi. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun tarifni bazaviy tarifga, aholi uchun esa 119 548 so‘mga bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan.
“Veolia” va poytaxt hokimligi o‘rtasida 2021-yilda isitish tizimini boshqarish bo‘yicha shartnoma tuzilgan. Fransiya kompaniyasining sho‘ba korxonasi 30 yil davomida DXSh asosida issiqlik tarmog‘ini boshqaradi va sof foydaning 10%iga infratuzilmani bosqichma-bosqich modernizatsiya qiladi.