“inDrive” startaplarga sarmoya kiritish uchun “New Ventures” bo‘linmasini ishga tushirdi. Bunga “TechCrunch” e’tibor qaratdi.
Yangi tuzilma birlashish va sotib olish maqsadida istiqbolli startaplarni jalb qiladi. Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Afrika, shuningdek, Janubi-Sharqiy va Markaziy Osiyodan loyihalar ko‘rib chiqilmoqda.
Birinchi navbatda, kompaniya dastlabki va keyingi bosqichdagi global kengayish potensialiga ega bo‘lgan loyihalarga qiziqish bildirmoqda. Loyiha missiyasi “adolatsizlikka qarshi kurashish” va “odamlar va jamiyat hayotini yaxshilashga intilish"ga qaratilgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, mezonda kamida ikki barobar yillik o‘sish sur’atlarini va “sog‘lom” iqtisodiy ko‘rsatkichlarni, shu jumladan, mijozni jalb qilish xarajatlarini ko‘rsatish kerakligi keltirilgan. Kompaniya istiqbolli loyihalarga $100 mlngacha investitsiya kiritib, ularning jahon bozoriga chiqishiga yordam beradi.
Investitsion mutaxassis Andris Smit “New Ventures” rahbari va “inDrive” vitse-prezidenti bo‘ldi. Qozog‘istonlik tadbirkor Nurken Rzaliyev Yaqin Sharq, Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘limiga rahbarlik qiladi.
Loyihada ishtirok etish uchun arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin. Batafsil ma’lumot bu yerda.
“inDrive” transport agregatoriga (2022 yilgacha — “inDriver”) 2013-yilda yakutiyalik dasturchi Arsen Tomskiy tomonidan asos solingan. Yo‘lovchilarga sayohatlar narxini belgilash imkonini beruvchi xizmat hozirda dunyoning 47 davlatida ishlaydi.
Xizmatni O‘zbekistonda birinchi marta 2016-yilda ishga tushirishga harakat qilingan, biroq keyinchalik bu bozorda sezilmay qolgan. 2018-yilda kompaniya yana mamlakatga kirdi.
Uchinchi urinish 2021-yilning kuzida bo‘lib o‘tdi. To‘qqiz oy o‘tib, 2022-yilning iyun oyida “inDriver” Toshkentda kuryerlik xizmatini, jumladan, avtomobil va mototsikl yetkazib berishni yo‘lga qo‘ydi.
Biroz vaqt o‘tgach, kompaniya yuk tashish xizmatlari ishga tushirilishini e’lon qildi. Biroq, joriy yilning iyul oyida transport xizmati O‘zbekistonda faoliyatini to‘xtatdi.