Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Termizda o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat rahbari viloyatning turizm salohiyatini ishga solish masalalariga to‘xtaldi.
Viloyatda 2,5 ming o‘ringa ega 53ta mehmonxona bor hamda ularning yarmi Termiz shahrida joylashgan. Kelgusi yilda viloyatga sayyohlar oqimini 3 barobar oshirish rejalashtirilmoqda.
Shundan kelib chiqib, Surxondaryo tadbirkorlariga mehmonxona qurishga “yulduzi"dan qat’i nazar subsidiya berilishi belgilandi.
Yil yakunigacha Sariosiyo aeroportida fuqaro aviatsiyasi faoliyatini tiklash, kelgusi yildan Sariosiyodan Samarqand va Toshkentga muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Bundan tashqari, Termizdan Istanbul, Farg‘ona, Buxoro va Xorazmga reyslar soni oshiriladi. Termiz-Toshkent yo‘nalishida turistik vagon, Sariosiyo-Toshkent yo‘nalishida esa poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Surxondaryoda 600dan ziyod madaniy meros va turizm obyektlari mavjud. Bu yili Dalvarzintepa yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Bu ishlarni davom ettirib, Boysunda dunyodagi eng chuqur g‘orlardan biri bo‘lgan “Boybuloq”, neandertal odam qoldig‘i topilgan “Teshiktosh” va “Machay” g‘orlari, ellin madaniyati yodgorligi bo‘lmish Uzundara qal’asida ham bunday muzey tashkil etiladi.
Sheroboddagi qadimgi odam yashagan Xatak g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Samarqand-Kitob-Denov-Oltinsoy-Termiz marshruti bo‘ylab “Naqshbandiya pirlari” turizm halqasi ochiladi.
Oktabr oyida prezident xorijiy sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergandi. Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan 4,3 mln turist tashrif buyurib, ulardan $1,4 mlrd tushum bo‘lgan. Yil oxirigacha mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda.