20-noyabrdan Meksika orqali AQShga kirishga uringan o‘zbekistonliklar Amerikaga kiritilmaydi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
AQSh Ichki xavfsizlik departamenti Davlat departamentining xabar berishicha, endilikda AQSh-Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy kirayotgan o‘zbekistonliklar AQShga qo‘yib yuborilmaydi, buning o‘rniga ular bilan bog‘liq immigratsiya ishi hal qilingungacha hibsda saqlanadi.
Qo‘shma Shtatlarda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan o‘zbekistonliklarni mamlakatdan chiqarib yuborish masalasi bo‘yicha mamlakat hukumati bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Mamlakatdan chiqarib yuborish tijorat aviakompaniyalari hamda AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati bilan tuzilgan charter reyslari orqali amalga oshirilmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, AQSh-Meksika chegarasi orqali AQShga noqonuniy migratsiya xavfli va qimmat. Shundan kelib chiqib, kontrabandachilarning yolg‘on va’dalariga uchmaslik, AQShga sayohat qilish uchun xavfsiz va qonuniy vositalardan foydalanish kerakligi ta’kidlangan.
AQSh chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlar bu mamlakatga kamida besh yil ichida qonuniy ravishda qayta kirishlari taqiqlanadi. Noqonuniy migratsiyaga yordam beradigan oila a’zolari ham viza olishdan butunlay mahrum etilishi mumkin.
Qo‘shma Shtatlar xavfsiz, tartibli va insonparvar migratsiya jarayonlarini rivojlantirish maqsadida chet ellik hamkorlar bilan faoliyat olib boradi hamda AQShda qolish uchun qonuniy asosga ega bo‘lmagan barcha noqonuniy kiruvchilar va fuqaroligi bo‘lmaganlarni immigratsiya qonunchiligi (Title 8) vakolati ostida tezda mamlakatdan chiqarib yuboradi.
Oktabr oyida AQSh prezidenti ma’muriyati Yevropa Ittifoqi va unga a’zo bir qancha davlatlarni Markaziy Osiyoning ayrim davlatlaridan kelgan sayohatchilarga nisbatan keskin choralar ko‘rish haqida ogohlantirgandi.