“Google"ning yangi “GraphCast” neyron tarmog‘i ob-havoni sinoptiklarga qaraganda tezroq va aniqroq bashorat qiladi, deya xabar bermoqda “Inc” nashri.
“Science” jurnalida chop etilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, Buyuk Britaniyada joylashgan “Google"ga tegishli “Deepmind” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan neyron tarmoq birinchi marta Yevropaning o‘rta muddatli prognozlash markazi tomonidan boshqariladigan an’anaviy ob-havo prognozlaridan ustun keldi.
Sun’iy intellekt bir daqiqadan kamroq vaqt ichida 10 kun oldin aniq prognozni yaratadi. Tadqiqotda aytilishicha, bu ob-havo prognozidagi sifatli yutuq hisoblanadi.
“Deepmind” tadqiqot bo‘yicha vitse-prezidenti Koli Pushmitning so‘zlariga ko‘ra, ob-havoni aniq prognozlash insoniyat uzoq vaqt davomida ishlagan eng qiyin muammolardan biridir.
“Va agar so‘nggi bir necha yil ichida sodir bo‘lgan iqlim o‘zgarishlariga qarasak, prognoz qilish juda muhim vazifaga aylanadi”, deydi u.
“GraphCast” neyron tarmog‘i Yevropa o‘rta masofali ob-havo prognozlari markazidan (ECMWF) olingan 39 yillik ob-havo ma’lumotlari bo‘yicha o‘qitilgan. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, sun’iy intellekt markaz prognoziga nisbatan aniqroq 3−10 kunlik prognozni bergan.
Loyiha ishlab chiquvchilari “GraphCast” neyron tarmog‘i joriy yil boshida Shimoliy Amerikani qamrab olgan “Li” to‘foni an’anaviy prognozlardan uch kun oldin qayerga to‘g‘ri kelishini bashorat qilganda o‘z samaradorligini isbotlaganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, ob-havo prognozi uchun neyron tarmoqdan foydalanish kuchli va qimmat superkompyuterlardan foydalanmasdan ishlaydigan ancha arzon usuldir.