Sergey Mironov boshchiligidagi “Adolatli Rossiya — haqiqat uchun” fraksiyasi deputatlari guruhi Davlat Dumasiga Rossiyada chet el fuqarolarini ish bilan ta’minlashning patent tizimini bekor qiladigan qonun loyihalari to‘plamini taqdim etdi. Hujjatlar Davlat Dumasi elektron bazasida joylashtirilgan.

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, migrantlarga patent tizimini bekor qilish, uning o‘rniga ishlash uchun ruxsatnomani joriy qilish taklif etilmoqda.

Qayd etilishicha, ishlash uchun ruxsatnomani olishda migrantlar suratga tushib, barmoq izlari bilan ro‘yxatdan o‘tishi shart bo‘ladi.

Sergey Mironovning eslatishicha, migratsiya oqimlarini nazorat qilish maqsadida 2015-yilda Rossiyada patent tizimi joriy qilingan.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda hududga qarab, patent narxi oyiga 2724 rubldan 10 929 rublgacha o‘zgarib turadi va bu mablag‘lar to‘liq budjetga o‘tkaziladi.

“Rossiya hududida ishlashni boshlash uchun barcha migrantlar maxsus patent olishlari kerak. Ular ushbu hujjatsiz ishlashga haqli emas, ammo migratsiya rejimini tekshirish natijalari shuni ko‘rsatadiki, patentning mavjudligi yoki yo‘qligi ularning turli hududlarda ish bilan ta’minlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi va shu sababli biz ushbu hujjatni bekor qilishni taklif qilamiz”, — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, agar patent tizimi bekor qilinsa, barcha mehnat muhojirlari Rossiyaning fuqarolari uchun belgilangan daromad solig‘ini to‘liq miqdorda to‘lashlari shart bo‘ladi.


Avvlaroq “Spot” Rossiyada chet ellik ishchilar uchun patent qiymati bo‘yicha qat’iy belgilangan avans miqdorini to‘rt barobar oshirish taklif etilayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, mehnat muhojirlari uchun patent narxini to‘rt barobar oshirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Davlat Dumasiga Sergey Mironov boshchiligidagi “Adolatli Rossiya” fraksiyasi deputatlari tomonidan kiritilgan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, chet el fuqarolarining Rossiyada mehnat faoliyati davomida to‘laydigan belgilangan avans to‘lovlari miqdori 4800 rublgacha oshiriladi.