Hindiston kompaniyasi O‘zbekistonda tibbiyot sohasiga oid “aqlli” texnologiyalarni joriy etishi mumkin. Bu haqda Innovatsiyalar Milliy ofisi xabar berdi.
Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi Milliy ofisi mas’ullari “INFINYT 3D” hamda “Sanskritech Smart Solutions” kompaniyalari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda “INFINYT 3D” kompaniyasi ta’sischisi va boshqaruv direktori Ryan Vaz bilan O‘zbekistonning real iqtisodiyot sektori ehtiyojlariga oid qo‘shma ilmiy, innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda texnologiyalar transferi bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalasida fikr almashildi.
Shuningdek, kompaniya tomonida STEAM o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yishda foydalaniladigan maxsus “3D Innovatsion” laboratoriyasi taqdimot qilindi. Tomonlar mazkur qurilmani O‘zbekistonda ham joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Sanskritech Smart Solutions” kompaniyasi bosh direktori Pritam Kumawat bilan sog‘liqni saqlash ekotizimlari, tezkor va aniq diagnostika, aqlli tele-tibbiyot, real vaqtda ma’lumotlar tahlili uchun innovatsion yechimlarni topish borasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishildi.
Kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Aqlli tibbiyot chamadoni"ni O‘zbekistonda ishlab chiqarishni joriy etish uchun amaliy ishlarni boshlash, ishlab chiqarishning 30%i mahalliylashtirilishiga erishish muhim ekanligi qayd etildi.
Mazkur kompaniyalar bilan qo‘shma korxonalar ta’sis etish hamda ularni “Inno” texnopark rezidentlari qatoriga kiritish haqida anglashuv memorandumlari imzolandi.
Avvalroq Hindiston kompaniyasi Buxoroda proyektor ishlab chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Viloyatdagi maktablar va davlat idoralari Onlayn Instruments kompaniyasining aqlli proyektorlari bilan ta’minlanadi.