Turkiyaning “Turan Teknoloji Anonim Şirketi” fintex startapi noyabr oyida O‘zbekiston bozoriga kiradi, deya xabar bermoqda Ozarbayjonning “Trend.az” nashri.
Xususan, “United Payment” bosh direktori Edgar Abdullayev nashrga bergan intervyusida to‘lov xizmatining Turkiyadan Markaziy Osiyoga pul o‘tkazmalarini yo‘lga qo‘yish rejalari haqida so‘zlab berdi.
Uning qayd etishicha, “Turan” Markaziy Osiyo mamlakatlariga mablag‘ jo‘natish istagida bo‘lgan mijozlar uchun yangi imkoniyatlarni taqdim etadi. Bu harakat esa kompaniyaning global tarmog‘ini kengaytirish va mijozlarning qulay hamda xavfsiz pul operatsiyalariga bo‘lgan talabini qondirishga intilishini aks ettiradi.
“Biz mijozlarimizga Markaziy Osiyo mamlakatlariga pul jo‘natish imkoniyatini taqdim eta olganimizdan faxrlanamiz. Maqsadimiz — har bir tranzaksiyada soddalik va qulaylikni ta’minlash, pul o‘tkazish jarayonini mijozlarimiz uchun imkon qadar soddalashtirish”, — dedi Edgar Abdullayev.
Avvalroq to‘lov xizmati Ozarbayjonda ish boshladi, u yerda oylik transferlar miqdori 9,5 mln turk lirasiga ($330 ming) yetadi. 2024-yilda to‘lov xizmati bu ko‘rsatkichni 37,5 mln liraga ($1,3 mln) yetkazmoqchi. Hozirda “Turan” to‘lov tizimida har oyda 700 ming tranzaksiyani amalga oshiradigan 120 mingdan ortiq faol foydalanuvchi mavjud.
Joriy yilning iyun oyida xizmatning O‘zbekistonda vakolatxonasini ochish rejalashtirilgani ma’lum bo‘lgandi. Startap veb-saytida O‘zbekiston transferlar uchun kelajakdagi yo‘nalish sifatida ta’kidlangan. Xizmat allaqachon 6 ta tilda, jumladan o‘zbek va rus tillarida mavjud.