Joriy yilning avgust oyida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan, “Umra” xizmatlari faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oktabrdan mazkur xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperatorlar faoliyatini reyting asosida baholash tizimi joriy etilishi belgilangandi. Noyabrga kelib esa qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari qo‘llanila boshlandi.
Turizm qo‘mitasi “Umra” tadbirlarini amalga oshirishga ruxsat berilgan litsenziyaga ega turoperatorlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unda jami 10ta turfirma keltirilgan bo‘lib, 4tasi Toshkentda, yana 4tasi Andijonda hamda 2tasi Namanganda joylashgan.
Reytingda keltirilgan turfirmaning har biri haqida ma’lumot olish imkoniyati mavjud. Bunda tashkilotlarning reytingdagi o‘rni, undan qoniqish ko‘rsatkichi va ovoz berganlar soni keltirilgan.
Bundan tashqari, quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha ularning reytingini baholash mumkin:
- Turfirmaning ofisida yaratilgan shart-sharoitlardan qoniqish foizi;
- Turfirma xodimlari tajribasi hamda muomala madaniyatidan qoniqish foizi;
- Turfirmaning ziyorat haqida ma’lumotlarni taqdim etishidan qoniqish foizi;
- Taqdim etilgan transfer xizmatidan qoniqish foizi;
- Taqdim etilgan oziq-ovqat mahsulotlaridan qoniqish foizi;
- Joylashilgan mehmonxona ko‘rsatgan xizmatdan qoniqish foizi (Makka);
- Joylashilgan mehmonxona ko‘rsatgan xizmatdan qoniqish foizi (Madina);
- Ziyorat dasturidan qoniqish foizi.
Shuningdek, qo‘mita “Umra” ziyoratiga borishda maxsus litsenziyaga ega bo‘lmagan turoperatorlar xizmatidan foydalinishda ogoh bo‘lishni va keyinchalik turli xil ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmaslik uchun litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar bilan hamkorlikda ishlashni tavsiya qilmoqda.
Mazkur uroperatorlar ro‘yxati hamda ularning reyting baholari haqida batafsil havola orqali tanishsh mumkin.
Turistik faoliyatni amalga oshirish litsenziyasi chiqish turizmi kichik turining “Umra” xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha litsenziya talablari va shartlari belgilangan:
- $100 mingdan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish;
- “Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida uning diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislarini tayinlash;
- “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassisning bo‘lishi;
- “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik;
- “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish.
Bundan tashqari, “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator murojaati asosida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisini ziyoratchilarga guruh rahbari (ellikboshi) sifatida jalb etish tartibi ham mavjud.