Islomiy fintex startapi “Alif” $50 mlnlik islom obligatsiyalari (sukuk) chiqarilishini e’lon qildi, deb xabar beradi “Yahoo Finance”.

Kompaniya yig‘ilgan mablag‘ni O‘zbekistondagi sho’ba korxonasi “Alif Moliya” faoliyatiga yo‘naltirishni rejalashtirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning “alif nasiya” xizmati mahalliy bo‘lib-bo‘lib sotib olish (BNPL) bozorining 35%dan ortig‘ini tashkil qiladi.

“Obligatsiyalarning sotilishi “Alif Moliya"ning O‘zbekistondagi takliflarini kengaytirish uchun zarur bo‘lgan o‘sish kapitalini ta’minlaydi. Bu investorlarga “Alif” sayohatiga qo‘shilish uchun yangi imkoniyatdir”, — dedi “Alif Capital Holdings” rahbari Hafiz Shahidiy.

O‘z navbatida, “Alif” kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Nuriddin Lafizov startap taklif etayotgan xizmatlar to‘plami mahalliy bozor tomonidan qabul qilinayotganini ta’kidladi. Shuningdek, u “O‘zbekiston moliyaviy xizmatlar sohasida inqilobga boshchilik qilish” imkoniyatini kutayotganini qo‘shimcha qildi.

Startapning asosiy investori Britaniyaning “Jefferson Capital” kompaniyasi sukuk obligatsiyalarini chiqarish bo‘yicha maslahatchi vazifasini bajaradi. Qimmatli qog‘ozlarning daromadliligi (foyda ulushi sifatida) har yili tannarxning 12−14%ini tashkil qilishi kutilmoqda.

“Alif” kompaniyasi Tojikistonda 2014-yilda tashkil etilgan. 2019-yildan boshlab u O‘zbekiston bozoriga o‘zining birinchi loyihasi — “Alif Shop” onlayn-bozori bilan kirib keldi va bir yildan so‘ng “Aloqabank” bilan birgalikda “alif.mobi” to‘lov xizmati va elektron pul tizimini ishga tushirdi.


Avvalroq “inDrive” Markaziy Osiyo va boshqa mamlakatlar startaplariga $100 mlngacha sarmoya ajratishi haqida xabar berilgandi.