O‘zbekistonda energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2 ming so‘m miqdorida aksiz solig‘ini belgilash taklif etilmoqda. Bu haqda Qonunchilik palatasi xabar berdi.
Deputatlar “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.
Majlisda yashirin iqtisodiy faoliyatni imkon qadar qisqartirish, tadbirkorlarga teng imkoniyatlar yaratish maqsadida raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiluvchi samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish masalasi muhokama qilindi.
Bu orqali soliq bazasini kengaytirish, vazirlik va idoralarga ajratilishi ko‘zda tutilgan budjet mablag‘laridan samarali va maqsadli foydalanish, ajratilgan mablag‘lar natijadorligini ta’minlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar batafsil o‘rganilganligi qayd etildi.
Yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalari uchun tabaqalashtirilgan yig‘im stavkalarini belgilash ko‘zda tutilgan. Bunda yuk ko‘tarish quvvatidan kelib chiqib, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha yig‘im undiriladi.
Shuningdek, deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda aksiz solig‘i bo‘yicha berilgan taklif manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda chuqur o‘rganilgani ta’kidlandi.
Joriy etilishi nazarda tutilayotgan aksiz solig‘ini mahsulot narxiga va tadbirkorlar faoliyatining moliyaviy natijalariga ta’sirini inobatga olib, energetik ichimliklarning 1 litri uchun 2000 so‘m miqdorida aksiz solig‘i belgilash taklif etilmoqda.
Avvalroq “Gazeta.uz” Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Adolat” partiyasidan saylangan deputat Oltinoy Ma’mirovaning energetik ichimliklarga alohida aksiz solig‘ini joriy etish borasidagi taklifiga e’tibor qaratgandi.
Parlament a’zosining ta’kidlashicha, gazlangan ichimlikning (uning nomi aytilmagan) 330 ml ida 19 osh qoshiq shakar bor, vaholanki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, kunlik shakar miqdori 12 osh qoshiqdan oshmasligi kerak.
Deputat energetik ichimlikning o‘rtacha narxi 15 ming so‘m bo‘lib, taklif etilayotgan aksiz solig‘i darajasi (0,2 litr uchun 100 so‘m) bu ichimliklarni ichishdan bosh tortish uchun sabab bo‘lmasligi mumkinligini qayd etgan. Partiya fraksiyasi energetik ichimlik uchun alohida aksiz solig‘ini joriy etish va stavkani litri uchun 5 ming so‘m qilib belgilashni taklif qildi.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov chekka qishloqlardan biriga tashrifi chog‘ida maktab ro‘parasidagi do‘konda energetik ichimliklar sotilayotganiga e’tibor bergan. Sotuvchi ayol kuniga taxminan 5−6 quti shunday ichimliklar sotishini aytgan.
U taklifni qo‘llab-quvvatladi va ushbu bandni 2024-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasini keyingi o‘qishlarda ko‘rib chiqish chog‘ida kiritishni so‘radi.
Noyabr oyi boshida Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yilgi davlat budjeti loyihasini taqdim etgandi. Shuningdek, 2024−2026 yillarga mo‘ljallangan budjetnoma soliq va bojxona siyosatidagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.
Loyihada kelasi yilning aprel oyidan tarkibida shakar bo‘lgan alkogolsiz ichimliklar uchun litriga 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘ini joriy etish belgilangan. Qabul qilingan mablag‘lar Tibbiyotni rivojlantirish jamg‘armasiga yuboriladi.