Adliya vazirining “Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning namunaviy tartibini tasdiqlash haqida"gi buyrug‘i qabul qilindi. Bu haqda “Norma.uz” sayti xabar berdi.
Namunaviy tartib shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish, himoya qilish tartibi, prinsiplari, maqsadlari, shartlarini, shuningdek, ma’lumotlar bazasining mulkdori va operatorining huquq va majburiyatlarini belgilaydi.
Mulkdor va operator yoxud uchinchi shaxs tomonidan shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda quyidagi talablarga rioya qilinishi lozim:
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishni aniq va oldindan belgilangan maqsadlarda amalga oshirish;
- ma’lumotlarga ishlov berishda maqsadlari bir-biriga mos kelmaydigan ma’lumotlar bazalarini birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaslik;
- ma’lumotlarning aniqligi, ishonchliligi, yaxlitligi va butligini ta’minlash;
- agar ma’lumotlarni saqlash muddati qonunchilikda yoki subyekt bilan tuzilgan shartnomada belgilanmagan bo‘lsa, ularga ishlov berish maqsadlariga erishish muddatidan ortiq bo‘lmagan vaqtga saqlash;
- agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilgan bo‘lmasa, ma’lumotlar ishlov berish maqsadlariga erishilgandan so‘ng yoki maqsadlarga erishish zarurati yo‘qolganda yo‘q qilinishi yoki egasizlantirilishini ta’minlash.
Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish uchun subyektning roziligi yozma shaklda yoki elektron hujjat tarzida olinishi lozim.
Ofertada (ommaviy shartnomada) shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadlari aniq ko‘rsatilgan taqdirda, ofertani qabul qilish subyektning ma’lumotlarga ishlov berishga roziligi deb hisoblanadi.
Subyektning mulkdor va operatorning xizmatlaridan foydalanish uchun belgilangan talab va shartlarga rozilik berishi ma’lumotlarni ishlovga berishga roziligi hisoblanadi.
Shuningdek, subyekt yoki uning qonuniy vakili shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish to‘g‘risidagi roziligini istalgan vaqtda qaytarib olish huquqiga ega.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun subyektning roziligi bilan quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim:
- operatorning nomi, STIRi (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, JSHSHIR);
- subyektning familiyasi, ismi va otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi hujjat ma’lumotlari;
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari;
- subyektning ishlov berishga rozilik berilayotgan shaxsga doir ma’lumotlari ro‘yxati;
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik amal qiladigan muddat yoki davr;
- shaxsga doir ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga berish va (yoki) ushbu ma’lumotlarni transchegaraviy uzatishga roziligi;
- shaxsga doir ma’lumotlarni hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalarda tarqatishga roziligi;
- boshqa ma’lumotlar.
Tarixiy, statistik, sotsiologik, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilayotganda mulkdor va operator, shuningdek uchinchi shaxs bu ma’lumotlarni egasizlantirishi shart. Shaxsga doir ma’lumotlarni egasizlantirish uchun subyektning roziligini olish talab etilmaydi.
Shaxsga doir ma’lumotlarni egasizlantirish ma’lumotlarni tiklash imkoniyatini istisno qiladi. Ma’lumotlar mulkdor va operator, shuningdek, uchinchi shaxs tomonidan quyidagi hollarda 3 kun ichida yo‘q qilinishi lozim:
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadiga erishilganda;
- subyektning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun berilgan roziligi chaqirib olinganda;
- shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning subyekt bergan rozilik bilan belgilangan muddati o‘tganda;
- sudning qarori qonuniy kuchga kirganda.
Davlat organlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlar so‘rab olinganda, shaxsga doir ma’lumotlar subyektiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holatlar mustasno).
Xo‘jalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, nodavlat tashkilotlarga shaxsga doir ma’lumotlar uning subyekti roziligi bilan taqdim etiladi.
Avvalroq hukumat qarori bilan aholidan olinadigan daromad solig‘iga imtiyoz qo‘llash bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangandi.