Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni Toshkent metropolitenida xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.

Metropoliten qamrovini kengaytirish maqsadida qo‘shimcha 32 kilometr yo‘l qurilib, 21ta yangi stansiya ishga tushirildi hamda 15ta yangi metro poyezdlari olib kelindi.

Yangi yo‘nalishlar poytaxtning Yashnobod, Mirobod, Sergeli, Yangihayot va Yunusobod tumanlaridan o‘tib, aholining kundalik qatnoviga qulaylik yaratdi.

Bugungi kunda metropolitendan foydalanadigan yo‘lovchilar soni 5 barobar oshib, kunlik qatnov 720 mingtaga yetdi. Kunning tig‘iz vaqtida poyezdlar kelish vaqti avvalgi 5−7 daqiqadan 2 daqiqagacha qisqardi.

Yig‘ilishda transport va qurilish sohasi mutasaddilari metropolitenning bugungi holati hamda kelgusi rejalar yuzasidan axborot berdi.

Davlat rahbari metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Yana yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati o‘tganlarini yangilash, ikki daqiqali intervalni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Toshkent metropolitenini transformatsiya qilib, daromadini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70 kilometrdan oshdi. Shundan 38 kilometri 1977-yildan keyin bunyod etilgan bo‘lsa, oxirgi 7 yilda 32 kilometr metro yo‘li qurildi.

Bekatlar soni 50 taga yetdi. Metroda yuruvchi kunlik yo‘lovchilar soni 750 mingga yetishi kutilmoqda.

2020-yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgandi. O‘sha yilning dekabrida esa Sergeli yo‘nalishi ochildi.

Yil boshida prezident ikkinchi bosqich qurilishi bilan tanishib, ishlar o‘z vaqtida boshlanmaganida, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkinligini qayd etgandi.

Aprel oyida Toshkent metrosining yer usti bekatlarini nomlash ovozga qo‘yildi. Undan keyin, yerusti halqa metro yo‘lining beshta yangi stansiyasi ishga tushirildi.

Pensiya oluvchilar Toshkent metropolitenidan to‘liq faoliyat ko‘rsatish vaqtida bepul foydalanishlari mumkin.

Avvalroq prezident “Do‘stlik — Qo‘yliq” yerusti metrosi tagida qurilayotgan savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ham ko‘zdan kechirgandi. Loyiha doirasida bu yerda 36ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, sport va bolalar maydonchalari hamda avtoturargohlar barpo etiladi.

Mutasaddilarga bu yerda xavfsizlik choralari va nazoratini ta’minlash, Toshkentda xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.