Joriy yilning yanvar-oktabr oylarida xorijdan O‘zbekistonga jami 5,5 mln sayyoh tashrif buyurgan. Bu haqda Statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.
Ulardan 4,65 mlntasi qarindoshlarni yo‘qlash maqsadida kelgan bo‘lsa, 659,9 mingtasi bo‘sh vaqt va dam olish maqsadida tashrif buyurgan.
Bundan tashqari, 115,9 ming xorijlik xizmat yuzasidan, 50,3 mingtasi davolanish, 51,9 mingtasi tijorat hamda 14,7 mingtasi o‘qish uchun kelgan.
O‘tgan davrda eng ko‘p Tojikistondan sayyohlar tashrif buyurib, jami 1,75 mlnni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinda Qirg‘iziston (1,42 mln) hamda Qozog‘iston (1,17 mln) turibdi.
Shuningdek, yanvar-oktabr oyida quyidagi mamlakatlardan ham turistlar oqimi kuzatilgan:
- Rossiya — 628,9 ming;
- Hindiston — 38 001;
- Xitoy — 35 368;
- Italiya — 23 352;
- Eron — 5 299;
- Pokiston — 3 522.
Joriy yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistonga xorijdan 4,3 mln turist tashrif buyurib, ulardan $1,4 mlrd tushum bo‘lgan. Yil oxirigacha mamlakatga 7 mln sayyoh tashrif buyurishi kutilmoqda.
Oktabr oyida prezident xorijiy sayyohlar sonini oshirish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergandi. Xususan, Xitoydan Samarqand, Buxoro, Xorazmga, Surxondaryo va Farg‘ona vodiysiga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, Toshkent va Moskva o‘zaro sayyohlar sonini 1 mlndan oshiradi. O‘zbekiston rossiyaliklar orasida eng mashhur qishki yo‘nalishlar uchligiga kiradi.
Samarqanddagi “Bog‘i baland” mahallasi hamda Surxondaryodagi “Sangardak” mahallasiga “Turizm mahallasi” maqomi berilgan.