Xorazm viloyatida davlat manfaatlariga 1 mlrd so‘mdan ziyod zarar keltirgan noqonuniy mayning fermasi faoliyati to‘xtatildi, deya xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot ximati.
Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda elektr ta’minoti korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Urganch tumanidagi joylashgan “S.” MCHJning binosida mayning qurilmalaridan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi.
Xususan, fuqaro O.O. ga tegishli umumiy iste’mol quvvati 228,8 kVtni tashkil etadigan mayning qurilmalari elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan.
Holat bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirilib, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra davlat manfaatlariga 1 mlrd 60 mln 205 ming so‘m zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.
Avvalroq “Spot” Navoiyda davlatga 24 mlrd so‘mdan ortiq va 9,6 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning fermalar aniqlangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, umumiy iste’mol quvvati 840,4 kVtni tashkil etadigan mayning qurilmalari quvvati 630 kVAga teng 2 ta transformatorga o‘zboshimchalik bilan ulangan.
Shuningdek, Farg‘onada davlatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Holat yuzasidan departamentning Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tuman bo‘limi tomonidan viloyat ETK xodimlari bilan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
“K.a.” rahbari M.A. korxonaning Uchko‘prik tumanidagi yordamchi xo‘jaligida go‘yoki kompyuter texnikalarini ta’mirlash sexini tashkil etib, amalda 179 dona “Antminer” mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulagan.
Natijada 794,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan.