Xitoy kompaniyasi intellektual transport tizimini joriy etishda O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov “Anlu International” kompaniyasi vitse-prezidenti bilan uchrashdi.
Unda intellektual transport tizimi hamda yo‘llarda transport oqimini boshqarishda innovatsion yechimlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar bu orqali harakat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida hamkorlik qilmoqchi.
“Anlu International” kompaniyasi 2012-yilda tashkil etilgan. Kompaniya xalqaro miqyosda intellektual transport va “xavfsiz shahar” loyihalarini amalga oshiradi.
Shuningdek, Afrika, Yaqin Sharq va G‘arbiy Osiyo, MDH, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi, Yevropa va boshqa mintaqalardagi 30dan ortiq xorijiy davlatlarga o‘z xizmatlarini ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Xitoyning “Hichain” kompaniyasi O‘zbekistonning uchta hududida logistika markazini ochishi ma’lum qilingandi.