“Binance” kriptovalyuta birjasi bosh direktori Changpeng Chjao pul yuvish ayblovlari tufayli iste’foga chiqishga rozi bo‘ldi, deya xabar bermoqda “WSJ” nashri.

Qayd etilishicha, kripto birjaning o‘zi AQSh rasmiylarining da’volarini qondirish uchun jami $4,3 mlrd jarima to‘lashi kerak.

Bu birjaga AQShda faoliyatini davom ettirishga, Changpengga esa “Binance” aksiyalarining nazorat paketini saqlab qolishga imkon beradi.

Tadbirkorning jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi qonunlarni buzganlik ishi bo‘yicha hukmi keyinroq e’lon qilinadi.


Avvalroq “Spot” “Binance” Rossiyani tark etishi va mamlakatdagi biznesini “CommEX” markazlashtirilgan kripto almashinuvchisiga sotishi haqida yozgandi.

Kompaniya bitim miqdorini oshkor qilmadi, ammo kelishuv doirasida u mamlakatdagi faoliyatini butunlay to‘xtatishini va o‘z aksiyalarini qaytarib sotib olmaydi.

Kriptovalyuta birjasi bir necha oy ichida qolgan birja xizmatlarini va boshqa biznes sohalarini yopib qo‘yadi va o‘tish davrida foydalanuvchilar bilan uzluksiz muloqot qiladi.

Mavjud foydalanuvchilar va ularning aktivlarini “CommEX” platformasiga bosqichma-bosqich o‘tish bir yilgacha davom etadi.

Shuningdek, nima uchun O‘zbekiston “Binance” xalqaro kriptobirjasi bilan hamkorlik qilishdan bosh tortgani haqida yozgandi.

NAPP direktori o‘rinbosari Vyacheslav Pakga ko‘ra, kompaniya shartlari litsenziya olishdagi talablarga javob bermagani sababli hamkorlik qilinmagan.