O‘zbekistonda daraxt va butalarni noqonuniy kesgan yuridik shaxslarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi mumkin. Bu haqda Qonunchilik palatasi xabar berdi.

21-noyabr kuni o‘tkazilgan majlisda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Mazkur qonun loyihasi bilan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Ma’muriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda.

Bundan tashqari, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini noqonuniy kesgan yoki yo‘q qilganlarning kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy ko‘chatlarni aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni 3 yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda.

Daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini noqonuniy kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Deputat Odiljon Tojiyevning qayd etishicha, bu jarimalar miqdori 99 mln so‘mgacha belgilanib, ularga har bir noqonuniy kesilgan daraxt uchun ekiladigan ko‘chatlar soni 100 tupni tashkil etadi.

Muhokamalar yakunida qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.


Avvalroq kelasi yildan bog‘ va tokzorlarga hosildorligi va tushumiga qarab tabaqalashgan yer solig‘i stavkalari joriy qilinishi haqida xabar berilgandi.