O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyodan Yevropaga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha “yashil” energetika yo‘lagiga qo‘shilishdan manfaatdor, deb xabar berdi Ozarbayjon Energetika vazirligi matbuot xizmati.
22-noyabr kuni Ozarbayjon Energetika vazirligi rahbari Parviz Shahbazov va Vengriya TIV rahbari Peter Siyarto Yevropa davlatlariga elektr energiyasi eksporti masalasini muhokama qildi.
Xususan, Kaspiy-Qora dengiz-Yevropa energiya koridori bo‘ylab elektr energiyasi yetkazib berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, tomonlar energetika sohasidagi hamkorlik Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Vengriya orqali o‘tadigan ko‘prik yaratishini ta’kidladi.
Joriy yilning 14-noyabr kuni O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon vakillari Bokuda ekologik toza elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlat iste’molchilariga o‘tkazish loyihasini muhokama qilgandi.
Ishtirokchilar Markaziy Osiyodan Yevropaga elektr energiyasini eksport qilishga kelishib oldi.
Avvalroq kelasi yil oxirigacha O‘zbekistonda yagona elektr savdosi platformasi yaratilishi ma’lum qilingandi. 2035-yilgacha elektr energiyasini aholiga barcha hududlarda bir xil narxda sotish joriy etiladi.