Avvalroq ayrim sanoat tarmoqlarida sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilingandi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-noyabridan ip-kalava eksportida undiriladigan yig‘im miqdori kamaytirildi. Xususan, olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun $0,01 miqdorida yig‘im undiriladi. Ilgari bu summa $0,05ni tashkil etgan.
Kamaytirilgan yig‘im 2025-yilgacha amal qiladi. Shu bilan birga, trikotaj mato eksportiga undiriladigan yig‘im miqdori o‘zgarishsiz qoldirildi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturiga kiritilgan eksport qiluvchi tashkilotlarga oxirgi 12 oy mobaynida amalga oshirilgan eksport hajmidan kelib chiqib, 1 yil muddatgacha quyidagi miqdorlarda moliyaviy resurslar ajratiladi:
- eksport hajmi $5 mlndan $10 mlngacha bo‘lganda — $2 mlngacha;
- eksport hajmi $10 mlndan $15 mlngacha bo‘lganda — $3 mlngacha;
- eksport hajmi $15 mlngacha $20 mlngacha bo‘lganda — $4 mlngacha.
2026-yilning 1-oktabrigacha to‘qimachilik va tikuv-trikotaj korxonalari faoliyati uchun zarur bo‘lgan ayrim tovarlarni import qilishda bojxona bojidan ozod qilinadi. Quyida bojxona bojidan ozod qilinadigan ayrim tovarlar ro‘yxati keltirilgan:
Mazkur tovarlar qatorida plastmassadan tayyorlangan tovarlarni tashish yoki qadoqlash uchun tovarlar, tirkamalar va yarim tirkamalar hamda o‘zi yurar bo‘lmagan transport vositalari bor.
Avvalroq O‘zbekistonda ayrim yog‘ mahsulotlarini eksport qilishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.