21-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida yer resurslaridan oqilona foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlarining sifatini yaxshilash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekistondagi 44,8 mln gektar yer maydoni, 8,3 mln bino va inshootning mulk sifatidagi bozor bahosi hisoblanmagani qayd etildi.
Hozirda mavjud bino va inshootlarning shartli kadastr qiymati $70 mlrdni tashkil qiladi. Biroq, ularning haqiqiy bozor bahosi bundan kamida 4−5 barobar ko‘p.
“Bunga yerning bozor qiymatini ham qo‘shsa, bilasizlarmi aholi va tadbirkorlarda qanchadan-qancha iqtisodiy aktiv bo‘ladi. Buning uchun, eng avvalo, yer hisobini joy-joyiga qo‘yish shart”, — dedi prezident.
Lekin ayrim hokimlar va vazirlar buni hisob-kitobini hali o‘ylab ham ko‘rmagani, o‘ziga biror-bir vazifa ham belgilab olmagani qayd etildi.
Aerosuratlar asosida qishloq yerlarini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
Oxirgi uch yilda sohani raqamlashtirish hisobiga 40 mln gektar yoki jami yerlarning 90%i kadastrdan o‘tkazildi.
Endi qolgan muammoli yerlarni ham to‘liq kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Qishloq xo‘jaligi yerlarida aerosuratga oladigan zamonaviy samolyot va laboratoriyalar olib berildi.
Kadastr agentligiga tuman va shahar hokimlari bilan birga yil yakunigacha aerosuratga olish ishlarini Toshkent shahri, Toshkent va vodiy viloyatlarida, kelgusi yili esa qolgan hududlarda to‘liq yakuniga yetkazish topshirildi.
Aerosuratlar asosida qishloq yerlarini monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligida quyidagilar qayd etildi:
- 286 ming gektar yerga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar to‘liq emasligi;
- 159 ming gektar yerning hujjatdagi va amaldagi maydoni bir-biridan farq qilishi;
- avvalgi davrlarda doimiy foydalanish uchun ajratilgan 460 ming gektar yerning huquqiy maqomi aniq emasligi.
Oqibatda jami 900 ming gektardan ziyod qishloq xo‘jaligi yerlari kadastr ro‘yxatidan o‘tmasdan turibdi. Kadastri yo‘qligi sababli takroriy ekinlar uchun bu yerlarni rasman ikkilamchi ijaraga berish imkoni bo‘lmayapti.
Bularni oqibatida kamida 300 ming ish o‘rni, takroriy ekindan olinayotgan mahsulot hamda norasmiy ijaraning hisobi yuritilmayapti.
Issiqxona uchun yer uchastkalari auksion orqali sotiladi
O‘tgan hafta Surxondaryoga tashrifda “plyonka ostida parnik” tashkil qilib, eksportbop sabzavot ekinlarini ekish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tilgandi.
Hududlarda bunday usulda ekin ekishni istaganlar juda ko‘p. Lekin ular uchun yer olish murakkab. Shu sabab, kelgusi yildan ekin yeri yuqori unumli urug‘, ko‘chat, agro-texnologiya, eksport ko‘nikmalariga ega bo‘lganlarga auksion orqali ijara huquqi bilan sotiladi.
Mutasaddilarga 2024-yilning 1-fevraligacha kamida 15 ming gektar yerni lotlarga bo‘lib, eksportbop sabzavot yetishtirish uchun o‘rtacha 1 gektardan auksionga chiqarish topshirildi.
Shu bilan birga, auksiondan yer olgan aholiga urug‘, o‘g‘it, plyonka va aylanma mablag‘ uchun kredit ajratish, hosildor eksportbop ekinlar urug‘ini kafolatli yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Suv fondi yerlari tartibga solinadi
Suv havzalarini, kanal va kollektor atrofidagi bo‘sh yerlarni aholi va tadbirkorlarga berish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Lekin, yer balansida suv fondi yerlarining bor-yo‘g‘i 0,3%i ekin yeri sifatida ko‘rsatilgan. Bu haqiqiy ahvoldan yiroqligi, suv xo‘jaligida yerlarning aksariyatida egalik hujjati mavjud emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Aslida, suv fondi yerlaridan qo‘shimcha iqtisodiy samara olishning yagona yo‘li ularni to‘liq kadastrdan o‘tkazishdir, deyiladi xabarda. Bu ish o‘rniga ham, oziq-ovqat uchun ham qo‘shimcha zaxira bo‘ladi.
Mutasaddilarga suv fondi yerlarini tartibga solish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Hokimlarga suv fondi kadastri qachon to‘liq bo‘lishini kutib o‘tirmasdan, hujjati tayyor bo‘lgan bo‘sh yerlarni aholiga eksportbop ekin ekish uchun bo‘lib berish topshirildi.
Kelasi yildan ichki yo‘llarni loyihalashda ularga kadastr hujjati ham tayyorlanadi
Yig‘ilishda ko‘pgina ichki yo‘llar va unga tutash yerlarning hujjati yo‘qligi bilan bog‘liq muammolar ko‘rsatib o‘tildi.
Kelgusi yilda “Tashabbusli budjet” va “Mening yo‘lim” loyihalariga ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ta’mirlanadigan ichki yo‘llarni loyihalashda ularga kadastr hujjatini tayyorlashni ham nazarda tutish topshirildi.
Ayrim vazirliklarga berilgan yer va binolar kadastri ham qoniqarsizligi qayd etildi. Ba’zi obyektlarning egalik hujjati yo‘qligi aniqlangan. Ushbu yerlarning hujjati yo‘qligi sababli talon-toroj qilingan holatlar mavjud.
Vazirliklarga o‘zlariga qarashli barcha yer va binolarni hujjatlashtirishni yakuniga yetkazish, Bosh prokuraturaga ushbu ishlarning qat’iy nazoratini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Auksionga chiqarilmagan yerlar qishloq xo‘jaligi toifasiga qaytariladi
“Qanchalik qiyin bo‘lmasin, oxirgi besh yilda qishloq xo‘jaligidan 42,5 ming gektarni qisqartirib, aholi punktlari va sanoat yerlari toifasiga o‘tkazib berdik. Afsuski, katta-katta va’dalarni bergan ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari bu yerlardan samarali foydalana olmayapti”, — dedi prezident.
Xususan, 100ta tumanda toifasi o‘zgargan 17,5 ming gektar yer tadbirkorga berilmagan, auksionga chiqarilmagan. Bu yerlar olinganidan buyon zaxirada yotgani tanqid qilindi.
Viloyat hokimlari yil yakuniga qadar bu yerlar auksionga chiqarilmasa, qishloq xo‘jaligi toifasiga qaytarilishi haqida ogohlantirildi.
Shuningdek, toifasi o‘zgarib, tadbirkorlarga ajratilgan 19 ming 300 gektar yerdan 5 ming 400 gektari bo‘sh turibdi. Sanoat zonalarida ham loyiha joylashtirilmagan yerlar bor. Aksincha, tayyor infratuzilmasi bo‘lgan sanoat yerlaridan boshqa maqsadda foydalanish ko‘p uchramoqda.
Martgacha barcha sanoat yerlari to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi
Toifasi o‘zgargan yerlar evaziga shu yilning oxirigacha 15 ming gektar yangi yerlar o‘zlashtirilishi kerak edi. Biroq, 8 ming gektar yerlar haligacha o‘zlashtirilmagan.
Yil yakunigacha yangi yerlarni o‘zlashtirish va’dasini bajarmagan hokimlar jarimaga tortilishi, ularning yer toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflari umuman qabul qilinmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Kadastr agentligiga 2024-yilning 1-martigacha barcha sanoat yerlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish, viloyat hokimlariga esa 2021-yilgacha ajratilib, qurilish boshlanmagan 7 ming gektar yerni zaxiraga qaytarish topshirildi.
Bosh prokuraturaga bu borada qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligini ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bundan buyon viloyat kadastr boshlig‘ini ishga qo‘yish va ishdan olish Bosh vazir tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
10ta OTMga kadastr sohasi bo‘yicha xorijdan malakali mutaxassislar olib kelinadi
Yig‘ilishda kadastr sohasi uchun kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish muhim vazifalardan biri bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi.
Kadastr sohasida 9 mingdan ortiq mutaxassis ishlaydi. Lekin bugungi kunda sohaga kadr tayyorlayotgan 10ta oliygohdagi o‘qitish sifati zamondan orqada qolgani qayd etildi.
Ularda fakultet va kafedralar tushunib-tushunmasdan ochilgani, o‘quv dasturlari va ta’lim metodikalari eskirgani aytildi.
Shu bois, 10ta oliygoh rektorlariga Kadastr agentligi bilan birgalikda kelgusi yilda yangi laboratoriyalar tashkil qilish, yangi o‘quv adabiyotlari va xorijdan malakali mutaxassislarni olib kelishga ko‘rsatma berildi.
Ijro intizomini qattiq nazorat qilish shartligi belgilandi
Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalalardan tashqari Prezident vazirlik, hokimlik va idoralardagi ijro intizomi holatiga to‘xtalib o‘tdi.
“Ko‘rib turibsizlar, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida juda katta islohotlarni amalga oshirayapmiz. Hech bir soha e’tibordan chetda qolayotgani yo‘q. Lekin, islohotlar „qog‘ozda“ qolib ketmasligi kerak. Vazirlik va tarmoq rahbarlari, hokimlar joylarda ularning ijrosini so‘zsiz ta’minlashi shart”, — dedi davlat rahbari.
Muhim topshiriqlar ijrosida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani, ba’zi rahbarlar raqam ortidan quvib, sifat, samaradorlik va talabchanlikni unutib qo‘yayotgani qayd etildi.
Ayrim vazirlar va hokimlarga ularning tizimi va hududlarida ijro holati qoniqarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ijro intizomini qattiq nazorat qilish, xorijiy davlatlar bilan hamkorlik bo‘yicha tasdiqlangan “yo‘l xaritalari"ning birorta bandi ijrosini kechiktirmasdan ta’minlash shartligi haqida ogohlantirildi.