Oktabr oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdosi 10%ga kamaydi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Unga ko‘ra, o‘tgan oyda ro‘yxatga olingan oldi-sotdi bitimlari soni 21 mingtani tashkil etib, sentabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 2 mingtaga kamaygan.
Hududlar bo‘yicha eng katta pasayish Surxondaryo (30%), Namangan (24%) va Jizzax viloyatlarida (24%) qayd etilgan.
Ko‘chmas mulk bozorida o‘rtacha faollik saqlanib qolgan hududlar Navoiy va Buxoro viloyatlari bo‘lib, ularda o‘sish mos ravishda 12 va 0,8%ni tashkil etdi.
Toshkent viloyatida bir oy davomida sotuvlar atigi 1,7%ga pasaydi, poytaxtda esa bir oy oldingi 24%ga qarshi o‘laroq 3,2%ga pasayish kuzatildi.
Ko‘chmas mulkni sotish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 7%ga kamaydi. Sotuvlar pasayishining eng yuqori sur’atlari Toshkent (27%), Jizzax (19%) va Sirdaryo (15%) viloyatlarda qayd etildi.
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarning 51%dan ortig‘i Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Toshkentda vaziyat qanday?
Oktabr oyida Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi sentabr oyidagi $9,1ga nisbatan 4,4%ga oshib, 1 kv.m. uchun $9,5ni tashkil etdi. Poytaxtning 11 ta tumanidan 10 tasida uy-joy ijarasi narxining oshishi qayd etildi.
Ijara uchun eng qimmat hududlar Shayxontohur (kv.m. $11,8), Yakkasaroy ($11,2) va Mirobod ($11,7) tumanlari bo‘ldi.
Poytaxtdagi uy-joy ijarasi Uchtepa ($8), Sergeli ($7,4) va Bektemir ($5,9) tumanlarida eng maqbul narxlarda qolmoqda.
Shu bilan birga, ijara narxining eng yuqori o‘sish sur’atlari poytaxtning Yunusobod va Uchtepa tumanlarida mos ravishda 9,7% va 8,3%ga hamda Mirzo-Ulug‘bek va Chilonzor tumanlarida 7%ga narxlar oshgani qayd etildi.
Bir oy davomida ijara narxlari faqat Yakkasaroy tumanida 0,5%ga arzonlashdi. Yil boshiga nisbatan, aksincha, ijara haqi Sergeli tumanida 5,3%ga, shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan 2%ga o‘sish qayd etildi.
O‘tgan yilga nisbatan Toshkent shahrida ijaraning o‘rtacha narxi 9,5%ga pasaydi. Yil boshidan buyon o‘rtacha ijara narxi 7,3%ga kamaydi.
Ikkilamchi bozor
Oktabr oyida ikkilamchi bozorda uy-joy narxining o‘rtacha o‘sishi bir kv.m. uchun 0,3%ga oshdi, o‘tgan yilning oktyabr oyidan buyon ikkilamchi uy-joy narxi deyarli 20%ga oshdi.
O‘tgan yilning oktabr oyidan buyon ikkilamchi bozorda uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Namangan — 28,1%, Navoiy — 27,9% va Toshkent-30,5% viloyatlarda qayd etildi.
Toshkent shahrida oy davomida ikkilamchi uy-joy narxi 1,6%ga oshdi.
Eng yuqori o‘sish Bektemir — 3,2%, Yashnobod — 2,7% va Mirzo-Ulug‘bek — 2,4% tumanlarda kuzatildi.
O‘tgan yilning sentabr oyiga nisbatan poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 25,4%ga oshdi.