“Interbrand” konsalting kompaniyasi 2023-yilda dunyodagi eng qimmat brendlarning yillik reytingini taqdim etdi.

Qayd etilishicha, reytingga kiritilgan 100 ta brendning umumiy taxminiy qiymati yil davomida 5,7%ga oshib, $3,3 trlnni tashkil etdi.

Brendlarning o‘sish sur’ati uch baravar kamaydi, bu bozorning turg‘unlik davrini ko‘rsatadi. “Interbrand” bosh direktori Gonsalo Brujo biznes samaradorligini oshirish, brendni boshqarish va kelajakdagi rivojlanishga sarmoya kiritish zarurligini qayd etadi.

Reytingda “Apple” $502,7 mlrd brend qiymati bialn birinchi o‘rinni egalladi, bu o‘tgan yilga nisbatan 4%ga o‘sishdir. Shu tariqa, “Apple” ketma-ket o‘n bir yil peshqadamlikni saqlab kelmoqda.

Ikkinchi o‘rinda “Microsoft” korporatsiyasi ($316,7 mlrd, +14%), uchinchi o‘rinda “Amazon” ($276,9 mlrd, +1%) turibdi.

Shuningdek, kuchli o‘ntalikka “Google” ($260,2 mlrd), “Samsung” ($91,4 mlrd), “Toyota” ($64,5 mlrd), “Mercedes” ($61,4 mlrd), “Coca-Cola” ($58 mlrd), “Nike ($53,7 mlrd) va “BMW” ($51,1 mlrd) brendlari kirgan.


Avvalroq “Spot” “Apple” kapitallashuv bo‘yicha $3 trlnlik birinchi kompaniyaga aylanishi mumkinligi haqida yozgandi.

Yil boshidan buyon kompaniyaning aksiyalari 35%ga qimmatlashgan, bozor qiymati esa $690 mlrdga oshgan.