“Centrum Air” aviakompaniyasi Hindistonning Goa shtatiga charter reyslarni yo‘lga qo‘yishga tayyorlanmoqda. Bu haqda “Herald Goa” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, birinchi parvoz joriy yilning 7-dekabriga belgilangan. “Centrum Air” borti Toshkentdan Dabolim aeroportiga soat 11:05da yetib boradi hamda 12:20da qarama-qarshi yo‘nalishda uchadi.
Parvozlar Hindistonning “Concord Exotic Voyages” kompaniyasi ko‘magida tashkil etiladi.
Oktabr oyi boshida “Centrum Air” Goaga parvozlarni amalga oshirishi e’lon qilindi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, parvozlar 5-dekabrdan boshlanib, seshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgandi.
Joriy yilning aprel oyida kompaniya Namangan va Toshkentdan Jidda shahriga birinchi xalqaro parvozni boshladi. May oyida Toshkent-Sharm El-Shayx yo‘nalishi bo‘yicha charter reyslar yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, Toshkentdan Tbilisi, Hurgada hamda Olmaotaga ham parvozlarni boshlagan. Iyunga kelib, Urganch, Buxoro va Termizni Moskva bilan bog‘ladi.
Iyul oyi oxirida esa aviatashuvchi Sankt-Peterburgdan Urganchga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi. Sentabrda Urganch-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shimcha qatnov yo‘lga qo‘yildi.
Sentabrda Toshkentdan Bishkekka parvozlarni yo‘lga qo‘yishi xabar berildi. Kompaniya shartnomaviy asosda bu yo‘nalishda yo‘lovchilar, yuklar va pochtaning muntazam tashuvchisi etib tayinlandi.