IIV o‘quv avtodromlarida amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish talablarini tasdiqlash bo‘yicha qaror loyihasini muhokama qo‘ydi.
O‘quv avtodromida quyidagilar bo‘lishi kerak:
- “A” toifa (mototsikl, moped) uchun mashqlarni bajarishga o‘quv avtodromining ixtiyoriy qismidan maydon;
- “B”, “C”, “D” toifalar (yengil avtomobil, yuk mashinalari, avtobuslar) uchun o‘quv avtodromining ixtiyoriy qismidan maydon;
- “BЕ”, “CЕ” va “DE” toifalar (tirkamali transport) uchun umumiy maydon.
Amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish uchun o‘quv avtodromidafi maydon o‘lchami kamida 50×15metr hamda asfal yoki sement beton bilan qoplangan bo‘lishi kerak.
Harakatlanish sxemasi halqasimon yo‘nalishda bo‘lishi, bunda “Start” va “Finish” bir yoki bir-biriga yaqin joyda, qolgan elementlar esa ularning oralig‘ida joylashtirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, “90 gradus burchak ostida burilishlar”, “Chorraha”, “Ilon izi”, “Tor joyda qayrilib olish uchun boksga kirish”, “Orqaga harakatlanib parallel to‘xtash (parkovka)” elementlari o‘quv avtodromining markaziy qismlarida joylashtiriladi.
O‘quv avtodromidagi yo‘llar svetofor, yo‘l belgilari, yo‘l chiziqlari hamda estakada bilan jihozlangan bo‘lishi kerak. Haydovchilikka nomzodlar uchun qulay bo‘lgan joyda axborot stendi yoki elektron monitor o‘rnatiladi.
Unda o‘quv avtodromining umumiy sxemasi, harakatlanish yo‘nalishi, ruxsat etilgan tezligi va to‘xtab turish joyi, shuningdek, avtomobillarni boshqarish mashqlarining ketma-ketligi keltiriladi.
Bundan tashqari, o‘quv avtodromida piyoda harakatlanish, mashg‘ulotlarda o‘z navbatini kutib turish, boshqa haydovchilikka nomzodlar bajarayotgan mashqlarni kuzatib turish joylari hamda favqulodda holatlarda hududni tark etish sxemasi va xavfsizlik texnikasi talablariga doir ma’lumotlar bo‘lishi belgilanmoqda.
O‘quv avtodromining elementlari avtotransport vositalarining tarkiblari va gabarit o‘lchamlaridan kelib chiqib, loyihalashtiriladi. Hududda tungi yoritgichlar o‘rnatilishi, ichimlik suvi va hojatxona bo‘lishi kerak.
Loyiha bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Muhokama 2-dekabrgacha davom etadi.