“O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Samarqand viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida elektr energiyasi va gazdan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda inspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, viloyatning Pastdarg‘om tumanida joylashgan “U.M” fermer xo‘jaligi elektr hisoblagich ulanish sxemasini buzib, tarmoqqo qonunga xilof ravishda ulangani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr ta’minot korxonasiga 1,82 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.
Mazkur tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan “N.P.L” oilaviy korxonasiga qarashli oshxona shartnomasiz va hisoblagichsiz gaz tarmog‘iga ulanganligi aniqlandi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra tizimga 897,6 mln so‘m zarar yetkazilgan.
Ikkita holatda jami hisoblangan zarar 2,7 mlrd so‘mni tashkil etmoqda. Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etildi.
Avvalroq Samarqandda 2,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi. Noyabr oyining dastlabki 10 kunida elektr energiyasi va tabiiy gazdan jami 14,9 mlrd so‘mlik noqonuniy foydalanish holati aniqlangandi.
Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni energetika tizimining qish mavsumiga tayyorgarligi bilan tanishib, noqonuniy ulanishlarga chek qo‘yish, ob-havoga qarab, iliq kunlarda energiya resurslarini iqtisod qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Noyabr oyi boshida davlat rahbari energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar bergandi. Xususan, ikki hafta muddatda qozonxonalar va isitish tarmoqlarini ta’mirlash ishlarini yakunlash topshirildi.
Undan keyin tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishning oldini olish bo‘yicha topshiriq berdi. Kuz-qish mavsumida aholi va tadbirkorlarga tabiiy gazni sifatli va uzluksiz yetkazib berish masalalari ko‘rib chiqildi.