Italiyaning “Eurotecnica Contractors and Engineers S.p.A” kompaniyasi O‘zbekistonda melamin ishlab chiqarish zavodini ishga tushirish istagida. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniya “O‘zkimyosanoat”, “China National Chemical Engineering and Construction Corporation Seven LTD (CC7)” hamda “Amanat Group” kompaniyalari bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, “Eurotecnica” mamlakatda investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun “Fargonamelamine JV LLC” qo‘shma korxonasini tashkil etadi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda melamin ishlab chiqarish uchun Italiya kompaniyasining yangi “Euromel G5” texnologiyasi qo‘llaniladi. Loyiha pudratchisi CC7 bo‘lib, “Amanat” kompaniyasini xomashyo bilan ta’minlaydi.
“CC7 Europe” bosh direktori Filippo De Peys mazkur investitsiya loyihasi sanoatni xususiylashtirish dasturini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Joriy yilning iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida italiyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistonga taklif qilgandi. Tomonlar o‘rtasida umumiy qiymati 9 mlrd yevrodan ortiq kelishuv va shartnomalar imzolangandi.
Noyabr oyida Shavkat Mirziyoyev hamda Italiya prezidenti Serjo Mattarella o‘rtasidagi uchrashuvda savdo munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Savdoga ko‘maklashish kompleks dasturini ishlab chiqish taklif qilindi.