Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda noqonuniy tarzda kriptovalyuta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda idora matbuot xizmati.
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida yashovchi fuqaro tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, ushbu shahardagi xonadonlarning birida kriptovalyuta ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.
U elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma tuzmasdan, umumiy quvvati 104,2 kiloVatt/soat bo‘lgan 31 dona “Vatsmayner M21S” qurilmalari va 2,16 kiloVatt/soat bo‘lgan ventilyator va yoritgichlar, jami quvvati 106,3 kiloVatt/soat bo‘lgan elektr qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulaydi.
Natijada 2020-yildan 2023-yilga qadar mazkur shaxs jami 2 mln 794 ming 100 kiloVatt elektr energiyasidan foydalangan.
Fuqaro tomonidan elektr ta’minoti korxonasining 12 mlrd 369 mln so‘mlik mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilgani aniqlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq “Spot” Xorazmda davlatga 1 mlrd so‘mdan ortiq zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, umumiy iste’mol quvvati 228,8 kVtni tashkil etadigan mayning qurilmalari elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangan.
Shuningdekm, Navoiyda davlatga 24 mlrd so‘mdan ortiq va 9,6 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning fermalar aniqlangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, umumiy iste’mol quvvati 840,4 kVtni tashkil etadigan mayning qurilmalari quvvati 630 kVAga teng 2 ta transformatorga o‘zboshimchalik bilan ulangan.
Bundan tashqari, Farg‘onada davlatga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan mayning ferma aniqlangani haqida xabar berilgandi.
Holat yuzasidan departamentning Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tuman bo‘limi tomonidan viloyat ETK xodimlari bilan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
“K.a.” rahbari M.A. korxonaning Uchko‘prik tumanidagi yordamchi xo‘jaligida go‘yoki kompyuter texnikalarini ta’mirlash sexini tashkil etib, amalda 179 dona “Antminer” mayning qurilmalarini o‘zboshimchalik bilan umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga ulagan.
Natijada 794,7 ming kVt/s elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan.