Toshkent shahar hokimligi metropolitenning yer usti liniyalari ostidagi tijorat binolarini ijaraga bermoqchi. Bu haqda hokimlik matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, mazkur liniyalarga tutash hududlarda savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish faoliyatini amalga oshirish maqsadida binolar yaratishni nazarda tutuvchi loyiha ishlab chiqildi.
Yer usti metro liniyalari ostidagi foydalanilmayotgan yerlarning umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Shundan kamida 50%i tadbirkorlar uchun qo‘shimcha daromad nuqtasiga aylanishi va hududlardan foydalanish samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Mazkur binolarni sotib olish yoki ijaraga olish narxi turar-joy majmualarining birinchi qavatlaridagi noturarjoy obyektlariga nisbatan “ancha hamyonbop” bo‘ladi. Bu yerda do‘kon, qahvaxona va o‘yin maydonchalari tashkil etish mumkin.
2022-yilning o‘rtalarida sinov tarzida 2-metro bekati (hozirgi “Yashnobod”) yaqinida tijorat binolari ochildi. Shundan keyin, 3 va 4-stansiyalar (“Tuzel” — “Olmos”) oralig‘ida bu kabi binolarni qurishga qaror qilindi.
Loyihani ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, birinchi bosqichda “Rohat” aylanma yo‘ligacha, ikkinchi bosqichda esa undan “Qo‘yliq” bozorigacha bo‘lgan hududda obyektlar tashkil etiladi. Jarayonni tezroq yakunlash maqsadida shahar va tuman hokimliklari kuchlari jalb qilingan.
Poytaxt hokimligining Investitsiya boshqarmasi mazkur manzillardagi binolarni ijaraga olish imkoniyatini taqdim etmoqda. Bu bo‘yicha 71 210 02 50 raqamiga murojaat qilish mumkin.
2021-yilning oktabrida qabul qilingan prezident qarori bilan yer osti va yer usti metro bekatlarida savdo va xizmat ko‘rsatish maydonchalarini tashkil etib, tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish belgilangandi.
Joriy yilning fevral oyida yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi hududlarda jami 2700 o‘rinli avtoturargohlar tashkil etilishi haqida ma’lum qilindi.