Qatarning “Power International Holding” kompaniyasi O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishga investitsiya kiritadi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita raisi Umid Shadiyev kompaniya boshqaruv raisi o‘rinbosari Moris Gattas boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi. Unda mamlakatdagi turizm imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar O‘zbekistonda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish va ularga sarmoya yo‘naltirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Kompaniya Toshkent-Samarqand yo‘nalishida tezyurar poezdlar uchun temir yo‘l qurilishiga mablag‘ ajratmoqchi. Bundan tashqari, shu yo‘nalishda pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasi ham bor.
Shuningdek, mamlakatning tarixiy shaharlarida mehmonxonalar qurish, Toshkent viloyatida xalqaro umummavsumiy tematik bog‘ barpo etish loyihalarini moliyalashtirish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yilning noyabr oyida kompaniya O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirmoqda. Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Qatarga tashrifi doirasida “Power International Holding” boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyat bilan kechgan uchrashuvda mamlakatda o‘z ofisini ochishi ma’lum qilingandi.
“Power International Holding” yo‘llar, ko‘p tarmoqli shifoxona majmuasi, Buxoro, Samarqand va Toshkentdagi mehmonxonalar qurilishida hamda “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi mumkin.
Bundan tashqari, Qatar kompaniyasi Navoiy viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalasini ham ko‘rib chiqmoqda.
“Power International” kompaniyasi 1983-yilda tashkil etilgan. Sog‘liqni saqlash va turizm, qishloq xo‘jaligi, mehmonxona va ko‘ngilochar biznes sohalarida faoliyat yuritadi. Xolfing 19ta mamlakatda faoliyat olib boradi.
Pullik yo‘l
Toshkent-Samarqand pullik yo‘lini qurish loyihasining texnik iqtisodiy asosini YeTTB tomonidan yollangan Turkiyaning “Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik” kompaniyasi ishlab chiqmoqda.
Mazkur pullik yo‘l qurilishi 2026-yilgacha amalga oshirilishi belgilangan 5 ta loyihadan bittasi hisoblanadi.
2019-yilning fevralida pullik yo‘llar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi. Mart oyida esa qonun loyihasi muhokamaga qo‘yiladi.
O‘sha yili, aprel oyida prezident Turkiya konsorsiumi ishtirokida Toshkentdan Samarqandgacha bo‘lgan pullik avtomobil yo‘lini qurishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
YeTTB iyun oyida ish boshlashni tezlashtirishni taklif qilgan, biroq sayohat narxi yuqoriligi sababli u kechiktirilgan.
2021-yilning bahorida DXShni rivojlantirish agentligi Toshkentdan Samarqand va Andijonga yo‘lovchi avtomobillari uchun pullik avtomobil yo‘llaridan o‘tish $5−6 ga tushishini ma’lum qilgandi. Maksimal tezlik soatiga 120−150 km bo‘lishi ta’kidlangan.