Hukumat qarori bilan fuqarolar va yuridik shaxslarga ma’lumotnomalar berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish reglamenti qabul qilindi.
Unga ko‘ra, mazkur xizmatdan foydalanish uchun DXMga shaxsan kelib murojaat qilish yoki onlayn ravishda Yagona portal orqali foydalanish mumkin bo‘ladi.
Arizalar portal orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Tegishli ma’lumotnoma turi bo‘yicha belgilangan ma’lumotlar va hujjatlardan tashqari boshqa hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.
Bunda arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan miqdorlarda yig‘im undiriladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olinganlar, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lganlarga belgilangan yig‘imning 50%i miqdorida chegirma qo‘llaniladi.
Noto‘g‘ri ma’lumotlar ko‘rsatilishi hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun yig‘imni to‘lamaslik xizmat ko‘rsatishni rad etish uchun asos hisoblanadi. Boshqa asoslar bo‘yicha rad etish esa taqiqlanadi.
Ariza beruvchilar davlat xizmatlaridan foydalanishdan xizmat ko‘rsatishning har qanday bosqichida bosh tortish huquqiga ega. Agar xizmatdan foydalanishdan bosh tortilganda, so‘rovnoma ko‘rilmasdan qoldiriladi va to‘langan yig‘im puli qaytarilmaydi.
Tegishli so‘rovnoma to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng barcha hujjatlar 10 daqiqa mobaynida vakolatli organga onlayn yuboriladi. Yagona portal orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda vakolatli organga jo‘natiladi.
Davlat xizmatlari markazi ma’lumotnoma kelib tushgandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida uni ariza beruvchining elektron manziliga yuboradi va ariza beruvchini bu haqda axborot-kommunikatsiya tizimi orqali xabardor qiladi.
Vakolatli organ tomonidan rasmiylashtirilgan ma’lumotnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar mavjudligi aniqlanganda, ariza beruvchi 15 kun ichida yig‘im to‘lamasdan belgilangan tartibda qayta murojaat qilish huquqiga ega.
Sentabr oyida davlat xizmatlarini joylarga chiqqan holda ko‘rsatish tartibi belgilandi. Xizmatlardan joyida foydalanish uchun hududlarga qarab bir martalik to‘lov undiriladi. Bu Toshkentda BHMning 50%ini tashkil etsa, viloyat markazlarida BHMning 40%i, tuman (shahar)larda esa BHMning 30%ini tashkil etadi.
Oktabr oyida aholi va tadbirkorlarning Yagona portaldagi xizmatlardan qoniqish darajasi reytingi shakllantirilishi ma’lum qilingandi. Kelasi yilning 1-iyunidan qoida tarzida yangi raqamli xizmatlar va servislar birinchi navbatda portalning mobil ilovasida joriy etiladi.