O‘zbekiston “Centrum Air” aviakompaniyasining Rossiyaga yangi parvozini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Business Online” xabar bermoqda.
Transport vazirligi oktabr oyida Rossiya havo transporti agentligiga tegishli so‘rov yuborgan. Hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni “Centrum Air” brendi egasi “My Frieghter” kompaniyasini Toshkent-Qozon yo‘nalishida yo‘lovchilar, yuklar, pochta va bagajlarning muntazam tashuvchisi etib tayinlagan.
Ta’kidlanishicha, Rossiya aviatsiya departamentidan O‘zbekiston va Tatariston poytaxtlari o‘rtasida haftasiga ikki marta parvoz qilish uchun ruxsat so‘ralgan. Federal havo transporti agentligi “My Freigher” kompaniyasidan ariza olmaganini aytdi.
Hozirda “Uzbekistan Airways” Toshkent va Qozon o‘rtasidagi asosiy aviatashuvchi bo‘lib, haftasiga ikkita to‘g‘ridan-to‘g‘ri reysni amalga oshiradi. Bundan tashqari, “Business Online” qayd etganidek, “Red Wings” noyabr oyida parvoz qila boshladi.
Tatariston bilan havo qatnovi chastotasini oshirish Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi oktabr oyida bo‘lib o‘tgan mintaqalararo hamkorlik forumida muhokama qilingan mavzular ro‘yxatiga kiritilgan edi. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriev Toshkent-Qozon yo‘nalishidagi reyslar sonini haftasiga 7 taga yetkazishni taklif qildi.
“Centrum Air” aviakompaniyasining birinchi xalqaro parvozi aprel oyida Namangan — Jidda yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilgan edi. Birozdan keyin aviatashuvchi Toshkentdan Misrning Sharm al-Shayxiga charter reyslari boshlangani haqida xabar berdi.
5-iyundan aviakompaniya Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni boshlashini e’lon qildi. O‘sha oyning ikkinchi yarmida “Centrum Air” O‘zbekistonning uchta viloyat markazi — Urganch, Buxoro va Termizni Moskva bilan bog‘lashi haqida ma’lum qildi.