Shavkat Mirziyoyevning BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — SPЕKA sammitida ishtirok etib, nutq so‘zladi.
“Spot” davlat rahbari dastur doirasida hamkor mamlakatlar bilan amalga oshirish bo‘yicha ilgari surgan taklif va tashabbuslarini bir joyga jamladi.
Birinchidan, O‘zbekiston SPЕKA dasturini iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish borasida ochiq va ta’sirchan mintaqaviy platformaga aylantirish tarafdoridir.
“Shu maqsadda sheriklikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyati samaradorligini keskin oshirish, dasturimizning institutsional asoslarini mustahkamlash vaqti keldi, deb hisoblayman”, — dedi prezident.
BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi hamda ESKATO ekspertlari bilan birgalikda “SPЕKA-2030” taraqqiyot konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Ikkinchidan, dastur doirasida mintaqaviy savdoni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.
Gap mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va eksport-import operatsiyalarini texnik tartibga solish choralarini uyg‘unlashtirish borasida tajriba va amaliyotlarni joriy etish haqida ketmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, davlatlar o‘zaro savdo aylanmasini hozirgi $52 mlrddan 2030-yilga borib $100 mlrdga, uning tarkibidagi sanoat mahsulotlari ulushini esa 70%ga yetkazish uchun imkoniyatlar mavjud.
“Uchinchidan, hamkasblarim ta’kidlaganidek, SPЕKAning Maqsadli jamg‘armasini tashkil etishni tezlashtirish va kelgusi yilning o‘zida uning amaliy ishini yo‘lga qo‘yish kerak”, — dedi davlat rahbari.
Prezident jamg‘arma faoliyati, “yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar, logistika, muqobil energetika, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy infratuzilmani yaratish va boshqa sohalardagi yirik loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Jamg‘arma xalqaro taraqqiyot institutlari bilan faol ishlashi, ustuvor loyiha va dasturlarga moliyaviy resurslar va grant mablag‘larini eng maqbul shartlarda jalb etishi lozim. O‘zbekiston ham uni shakllantirish uchun o‘z moliyaviy hissasini qo‘shishga tayyorligi ta’kidlandi.
“To‘rtinchidan, bugun qabul qilinayotgan Transkaspiy multimodal yo‘lagi bo‘yicha ma’lumot va hujjatlar almashish jarayonini raqamlashtirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi"ni hayotga to‘liq tatbiq etish tarafdorimiz”, — dedi prezident.
Bu borada kelgusi yilning boshida O‘zbekistonda mamlakatlar transport vazirlari, logistika kompaniyalari, yuk tashuvchilari, yirik sanoat korxonalari rahbarlari hamda soha ekspertlari ishtirokida “Raqamli transport marshrutlari” xalqaro forumini o‘tkazishga tayyor ekanlik bildirildi.
BMTning ixtisoslashgan institutlari bilan mintaqada transport bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni ilgari surish niyati bildirildi.
Beshinchidan, oziq-ovqat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha yuqori darajadagi maxsus ishchi guruhini tuzish va uning ilk uchrashuvini kelgusi yili Samarqandda o‘tkazish taklif etildi.
Ushbu tadbirning kun tartibidan quyidagi masalalar asosiy o‘rin egallaydi:
- agrosanoat korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirlarini yaratish;
- ilmiy-texnologik almashuvlarni rag‘batlantirish va resurslarni tejaydigan yechimlarni joriy etish;
- “ekspress” yo‘laklarni ishga tushirish.
Oltinchidan, suv, energetika, ekologiya va qishloq xo‘jaligi sohalari o‘zaro uzviy bog‘liqligidan kelib chiqib, SPЕKAning keng ko‘lamli yangi konseptual hujjatini — ko‘p tomonlama “Yashil strategiyasi"ni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.
“Bunday o‘tkir va tobora avj olib borayotgan muammolarni mintaqamizdagi hech bir davlat yakka holda o‘z kuchi bilan hal qila olmaydi”, — dedi prezident.
Yettinchidan, prezident SPЕKA doirasida ishbilarmon xotin-qizlarning faol tashabbuslarini va aniq rejalarini doimiy va tizimli rag‘batlantirish maqsadida SPЕKA Tadbirkor ayollari kengashini tuzish bo‘yicha taklifni ko‘rib chiqishni so‘radi.
Shuningdek, Kengash doirasida mamlakatlar ravnaqi va iqtisodiy taraqqiyotiga, umumiy hamkorligiga hissa qo‘shib kelayotgan ayollarni “SPЕKA e’tirofi” xalqaro mukofoti bilan taqdirlash taklif etildi.
Ma’lum sabablarga ko‘ra, uchrashuv Afg‘oniston davlati vakillari ishtirokisiz o‘tmoqda. Prezident Yevropa iqtisodiy komissiyasi va ESKATO rahbariyatiga murojaat etib, ularni SPЕKA dasturi doirasida afg‘on tomoni bilan ishchi aloqalarni o‘rnatish va hamkorlikni qayta tiklashga chaqirishni qayd etdi.
“Ushbu mamlakatni o‘z muammolari bilan yakka qoldirish mumkin emas. Amaldagi hukumat bilan xalqaro muloqot o‘rnatilmasa, hech qanday ijobiy natijaga erishib bo‘lmaydi”, — deya qayd etdi prezident.