Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi O‘zbekistonning bir qancha fuqarolari va shirkatlariga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda mamlakat pezident devoni saytida xabar berildi.

Vladimir Zelenskiy tegishli farmonni 23-noyabr kuni imzolagan. Ukraina Xavfsizlik xizmati tavsiyasiga ko‘ra, 60 nafar jismoniy va 93 nafar yuridik shaxsga cheklov qo‘yilgan.

Boshqalar qatorida “Ohangaronsement” zavodi va uning egasi “Akkermann Cement CA” sanksiyaga tortildi. Ro‘yxatga shuningdek, uning bosh kompaniyasi — milliarder Alisher Usmonovning “USM” xoldingi tarkibiga kiruvchi Rossiyaning “Akkermann Cement” kompaniyasi ham bor.

Ukraina hukumati “USM"ning boshqa tuzilmalariga, jumladan “USM Telecom”, “Digital Invest”, “MegaFon”, “Metalloinvest” va ular bilan bog‘liq BAAning “Hamriyah Steel” kompaniyalariga ham qarshi sanksiyalar joriy qildi.

Sanksiyalar ro‘yxatiga “Hamriyah Steel” kompaniyasi asoschisi Shohrux Nosirxo‘jaev va uning sherigi, Usmonovning jiyani Nasiba Narziyeva ham kiritilgan.

Cheklovlar sanksiyalangan shaxslarga tegishli aktivlarni muzlatish, savdo va tranzit operatsiyalari, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni bloklash va hokazolarni nazarda tutadi. Sanksiyalar muddati 10 yilni tashkil qiladi.

Aprel oyida AQSh Moliya vazirligi “USM” xoldingi va uning qator tuzilmalariga qarshi sanksiyalar joriy etilishini e’lon qildi.

Keyin “SDN” ro‘yxatiga 2022-yil boshida Rossiya kompaniyasi tomonidan sotib olingan Akkermanncement va Axangarantsement kiritilgan.

Ulardan tashqari, “USM Telecom”, “Megafon” va “Ucell"ning hammuallifi “Digital Invest” kompaniyalariga ham sanksiya qo‘yilgan, biroq ular bilan amalga oshirilgan ayrim tranzaksiyalar uchun istisno qilingan. Usmonovning singlisining qizi Nasiba Nurzieva va uning eri Shohrux Nosirxo‘jaevga nisbatan ham cheklovlar joriy etildi.

Markaziy bank rahbari Mamarizo Nurmuratovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati “Ohangaronsement"ni Amerika sanksiyalaridan olib tashlash ustida ishlamoqda. Shu maqsadda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligida maxsus ishchi guruhi tuzildi.


Avvalroq “Spot” Germaniya sudi Alisher Usmonovning musodara qilingan mol-mulkini qaytarishga qaror qilgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, sud milliarderga qarshi tergov harakatlari doirasida musodara qilingan mol-mulkni ushlab turishini noqonuniy deb topgan.