Ish haqi, pensiya va nafaqalar oshiriladi

1-dekabridan ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar 7%ga oshirilishi belgilangan.

Xususan, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 372 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya miqdori 725 ming so‘m hamda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 50 ming so‘mni tashkil etadi.

Farmon bilan quyidagi nafaqa va pensiya turlari ham oshirilmoqda:

  • nogironlik pensiyalari, jumladan ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi nogironlik pensiyasining eng kam miqdori — 800 ming so‘m;
  • mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nogironlik nafaqasi va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — 800 ming so‘m;
  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan (725 ming so‘mdan) 800 ming so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir pensiyalari — 800 ming so‘m;
  • zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa — 608 ming so‘m;
  • ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda — 608 ming so‘m;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band bo‘lgan bolaning qonuniy vakiliga beriladigan nafaqa miqdori — 608 ming so‘m;
  • boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori — oyiga 608 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun — 212 ming so‘mdan qo‘shiladi.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori oyiga 608 ming so‘m etib belgilanadi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lanadi.

Barcha budjet tashkilotlari xodimlarining oylik maoshlari dekabrdan boshlab 7%ga oshgan holda hisoblanadi.

Bazaviy hisoblash miqdori 1-dekabrdan 3% miqdorida o‘zgarib, 340 ming so‘m etib belgilanmoqda. (Bungacha BHM 330 ming so‘mni tashkil etgandi).



Toshkentda issiqlik ta’minoti uchun tariflar oshiriladi

Hujjat bilan, “Veolia Energy Tashkent” tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlarining tartibga solinadigan bazaviy tarifi gigakaloriyasi uchun 664 465 so‘m etib belgilanmoqda.

Kiritilayotgan yangi tariflar joriy yilning 1-dekabridan kuchga kiradi. Shu bilan birga, qaror loyihasining muhokamasi 28-noyabrgacha davom etadi.

Qarorga muvofiq, aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlarining chakana savdo tarifi avvalgi darajada o‘zgarishsiz qoladi — bir Gkal uchun 91 960 so‘m.

Shuningdek, budjet tashkilotlari uchun 1 Gkalning yangi narxi 801 963 so‘mni, kichik, o‘rta va yirik korxonalar uchun esa 212 606 so‘mni tashkil etadi.


Valyutani chet elga olib chiqish limiti oshiriladi

Hukumatning bojxona deklaratsiyasidan o‘tkazilmaydigan naqd xorijiy valyutani xorijga olib chiqish hajmini oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Endilikda O‘zbekistondan bojxona deklaratsiyasini to‘ldirmasdan, amaldagi 70 million so‘m o‘rniga 100 million so‘mdan ortiq bo‘lmagan ekvivalentdagi valyutalarni olib kirish va olib chiqish mumkin.

Bundan tashqari, maslahat olish uchun aholi belgilangan limitdan oshib ketgan naqd valyutani bojxona nazorati oldidan taqdim etish huquqiga ega bo‘lib, bojxona organlari xodimlari ularga deklaratsiyani to‘ldirish qoidalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi. Ilgari bu qoida ham mavjud emasdi.

o'zgarishlar, qonunchilik


Tashqi reklama uchun joy E-auksion orqali sotiladi

2023-yil 1-dekabrdan boshlab tashqi reklama bozori ishtirokchilari uchun “Tashqi reklama” raqamli monitoring elektron tizimi joriy etiladi.

Reklama konstruksiyalarini o‘rnatish uchun yig‘im va ularda reklama ma’lumotlarini joylashtirish uchun yig‘im o‘rniga yagona to‘lov joriy etiladi. Bu onlayn-auksion natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

Reklama obyektlari bilan savdolar E-auksionda o‘tkaziladi. G‘olibga avtomatik ravishda reklama joyining pasporti ham, uni o‘rnatish bo‘yicha shartnomalar ham beriladi.

Ijara haqining stavkalari bir kvadrat metr uchun hududlarga qarab quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

  • Toshkent shahrida BHMning 20%i — 68 ming so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlarida 10%i — 34 ming so‘m;
  • boshqa hududlarda 7%i — 23,8 ming so‘m.

2023-yil 1-dekabrgachas tashqi reklama va axborot ob’ektlari (konstruktsiyalari) xatlovdan o‘tkaziladi va ular ustidan doimiy nazorat o‘rnatiladi.


MIZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish Yagona portal orqali amalga oshiriladi

Maxsus iqtisodiy zonalar hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish, ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish, ular bilan investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim va ijara shartnomalarini tuzish bo‘yicha davlat xizmatlari Yagona portal, Davlat xizmatlari markazlari yoki MIZ direksiyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish orqali amalga oshiriladi.


Kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantiruvchi tizim bosqichma-bosqich ishga tushiriladi

Mazkur tizim doirasida O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi.

Zilzila o‘chog‘iga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli (5 va undan yuqori balli) tebranishlar aniqlanganda “Kuchli zilziladan ogohlantirish” mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to‘g‘risida tezkor xabarnoma yuboriladi.


Nasldor qoramollar uchun hisoblangan QQSni 180 kunda to‘lash imkoniyati yaratiladi

Chorvachilikda identifikatsiya qilish tizimi va naslchilik sohasini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilingan.

Hujjat bilan, chorvachilik xo‘jaliklari o‘z ehtiyoji uchun import qilgan nasldor qoramollarga hisoblangan qo‘shilgan qiymat solig‘ini 180 kun ichida to‘lab berish tizimi joriy etiladi.

Bunda imtiyozlar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi kafolati asosida beriladi.


Fuqarolikni rasmiylashtirish va avtotransportni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha sayyor xizmatlar ko‘rsatiladi

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, avtotransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda davlat raqami berish bo‘yicha davlat xizmatlari fuqarolar xohishi bilan yashash joyiga chiqish orqali amalga oshiriladi.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati qo‘shimcha to‘lov asosida ko‘rsatilib, bunda to‘lovlar oldindan amalga oshirilishi belgilangan.

o'zgarishlar, qonunchilik

Ammo aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifasidan qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi. Xizmat 10 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining yashash joyiga borib amalga oshiriladi.

Shuningdek, transportni ro‘yxatga olish bo‘yicha sayyor davlat xizmatlari qo‘shimcha to‘lov asosida 1, 3 yoki 5 kunda ko‘rsatiladi.

Bunda ham to‘lov xizmat ko‘rsatilishidan oldin amalga oshiriladi hamda uning miqdori quyidagicha:

  • 1 kunda ko‘rsatilganda — BHMning 4 baravari (1 mln 360 ming so‘m);
  • 3 kunda ko‘rsatilganda — BHMning 3 baravari (1 mln 20 ming so‘m);
  • 5 kunda ko‘rsatilganda — BHMning 2 baravari (680 ming so‘m).

Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatish masofasi 10 kilometrdan oshganda, har bir kilometr uchun qo‘shimcha BHMning 5%i (17 ming so‘m) miqdorida to‘lanadi.


Shahar va viloyat markazlarida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatiladi

1-dekabrdan mamlakatning shahar va viloyat markazlarida elektromobillarni tez quvvatlantirish stansiyalari barpo etiladi.

Nukus shahri, viloyatlar markazlari va viloyat bo‘ysunuvida bo‘lgan shaharlar hududlaridagi AYoQSh, sig‘imi 100 avtomobildan ortiq bo‘lgan avtoturargohlar hamda bozorlar hududida tashkil etiladi.

“O‘zbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori avtomagistral yo‘llarida joylashgan AYoQSh hamda savdo va ko‘ngilochar markazlari hududida ham o‘rnatiladi.


Aholi va tadbirkorlardan 47 turdagi ma’lumotlarni so‘rab olish bekor qilinadi

Qonunchilikka ko‘ra, “Raqamli hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasida raqamli shaklda taqdim etilishi orqali aholi va tadbirkorlik subyektlaridan 47 turdagi ma’lumotlarni talab qilish bekor qilinadi.

  • Chegarani kesib o‘tgan xorij fuqarosi va o‘zbekistonliklarning pasport ma’lumotlari;
  • Foydalanuvchiga ilgari taqdim etilgan JSHSHIR (agar mavjud bo‘lsa) haqida ma’lumot;
  • Oila tarkibi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Fuqaro mol-mulkiga (avtotransport vositasi, ko‘chmas mulk va boshqalar) qo‘yilgan taqiqlar;
  • Avtomototransportlar bilan sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligining sug‘urta shartnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Talabaning shartnoma puli to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Transport vositalari bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Bojxona yuk deklaratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Davlat organlari va tashkilotlari hamda ularning tizim idoralari tomonidan import qilingan tovar moddiy jihozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Bepul tibbiy xizmat uchun berilgan orderlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Jismoniy shaxslarning ro‘yxatga olingan poliklinika manzili to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • O‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchi/talabalari o‘qish joyidan ma’lumotnoma;
  • Attestatsiyadan o‘tgan pedagog kadrlar to‘g‘risida (o‘rta maxsus va professional ta’lim) ma’lumotlar;
  • Mahsulotning muvofiqlik sertifikati ma’lumotlari
  • Bekor qilingan haydovchilik guvohnomalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Mehnatga layoqatsizlik varaqasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Jismoniy va yuridik shaxslarga ochilgan bank plastik kartalari (Uzcard, HUMO) to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
  • Tug‘ilganlik haqidagi ma’lumotni real vaqt rejimida taqdim etish va boshqalar.

So‘rab olish talab qilinmaydigan ma’lumotlar ro‘yxati bilan batafsil havola orqali tanishish mumkin.


Ma’muriy bayonnoma avtomobilni ishonchnoma bilan boshqaruvchiga rasmiylashtiriladi

Transport vositasining egasiga transport vositasini boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxs bilan birgalikda tegishli huquqni belgilovchi hujjatni (ishonchnoma va boshqalar) taqdim etgan holda, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati organlarini transport vositasini boshqarish huquqini o‘tkazganligi haqida xabardor qilish huquqi beriladi.

Bunda, xabarnoma olingan kundan vakolatli organ tomonidan YHXXning Yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimiga tegishli o‘zgartirishlar kiritish hamda ushbu transport vositasida sodir etilgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun boshqarish huquqi o‘tkazilgan shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.


Toshkentda ichimlik va oqova suv narxi oshiriladi

Toshkent shahar xalq deputatlari kengashining 24-noyabrdagi qarori bilan sovuq suv va oqova suv narxlarining yangilangan tariflari tasdiqlandi.

9-dekabrdan aholi, budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun bir metr kub suv narxi 1400 so‘m, oqova suv narxi esa 1000 so‘mdan hisoblanadi.

Yuridik tashkilotlar uchun ichimlik suvi narxi 3000 so‘m, oqava suv narxi esa 2200 so‘m etib belgilandi.

o'zgarishlar, qonunchilik


“QIWI Uzbekistan” ilovasi o‘z faoliyatini to‘xtatadi

“QIWI” to‘lov xizmati O‘zbekiston bozori uchun taqdim etilgan ilovasi faoliyatini joriy yilning 18-dekabridan to‘xtatadi. 16-noyabrdan elekton pullarni saqlash xizmati uchun kunlik 75 ming so‘m miqdorida komissiya olinishi belgilangan.

Kompaniya bu zaruriy chora ekanligini ta’kidlab, mijozlar pullarini ushlab tura olmasligini hamda tezroq ularni chiqarib olish kerakligini qayd etmoqda. 18-dekabrdan keyin hamyon balansidan pul yechib olish uchun ariza yozish kerak bo‘ladi.


“Yandex Go” O‘zbekistonda servisni mahalliylashtiradi

“Yandex Go” taksi agregatori O‘zbekistonda mahalliylashtirish ustida ishlamoqda. MDHdagi xizmat rahbari Kirill Svintsovning ta’kidlashicha, kompaniya mamlakat qonunchiligiga muvofiq faoliyat yuritadi va allaqachon savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazgan. 1-dekabrgacha axborot xizmatini mamlakat ichida mahalliylashtirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, “Yandex Go” yo‘lovchi tashuvlarini fiskallashtirish masalalari bo‘yicha Soliq qo‘mitasi bilan muloqotni davom ettirmoqda. Kompaniya vakili “mazkur vazifani belgilangan vaqt ichida amalga oshishini” kutmoqda.