27-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan ikkita loyihaga start berdi.
Xususan, Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod"ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish boshlandi.
Sirdaryodagi issiqlik elektr stansiyasi loyihasining qiymati $1,1 mlrdni tashkil etib, 3 mlndan ortiq xonadon va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga ehtiyojini ta’minlashga imkon beradi.
Bundan tashqari, mintaqada birinchi marotaba “yashil vodorod” ishlab chiqarishga qaratilgan korxona tashkil etilmoqda. “Pilot” loyiha doirasida mamlakatda birinchi bosqichda 3 ming tonna vodorod ishlab chiqariladi va keyinchalik mineral o‘g‘itlarga qayta ishlanadi. Shuningdek, 52 megavattlik shamol elektr stansiyasi quriladi.
Avvalroq, “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda $7,5 mlrdlik energetika loyihalari amalga oshirilayotgani haqida ma’lum qilingandi.
Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi 2030-yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish, 4,5 mlrd kub metr gazni iqtisod qilish va atmosferaga zararli moddalar tashlanmalarini 3 mln tonnagacha qisqartirish imkonini beradi.
Kompaniya bilan 2021-yilning boshida Sirdaryoda qiymati $1,2 mlrdlik issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi boshlangan. 2023-yilning boshida esa mazkur stansiya joriy yilda ishga tushirilishi ma’lum qilingandi.
Mart oyida kompaniya bilan Toshkent va Samarqandda umumiy quvvati 1 400 MVt bo‘lgan ikkita quyosh fotoelektr stansiyasi va quvvati 800 MVtga teng energiya saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha bitimlar imzolangandi.